Bryusselda Ukraina bo‘yicha YeI sammiti boshlandi

Olam

image

Bugun, 20 mart kuni  Belgiya poytaxti Bryusselda 27 davlat yetakchilari ishtirokida Yevropa Ittifoqi sammiti boshlandi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, YeI mamlakatlari Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama qilmoqda. Bu jarayon AQSH Prezidenti Donald Trampning Kiyevga bosim o‘tkazishi fonida davom etmoqda. Sammit kun tartibiga, shuningdek, Yevropa iqtisodiyotining raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar, Isroilning G‘azo sektorida harbiy operatsiyani qayta boshlashi, Yevroittifoqning navbatdagi uzoq muddatli byudjeti hamda AQSHning kamayib borayotgan qo‘llab-quvvatlashi sharoitida YeI mudofaa salohiyati masalalari kiritilgan.

YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas yuqori darajadagi uchrashuv davomida Ukraina uchun 2 million dona artilleriya snaryadi sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilayotganini bildirgan. Bir necha kun oldin esa YeI Kengashi yig‘ilishida u Kiyevga 20-40 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratish uchun yetarlicha qo‘llab-quvvatlov ololmagandi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlari harbiy xarajatlar ta’rifini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning videoaloqa orqali ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 6 mart kuni Ukraina bo‘yicha Yevropa Ittifoqining maxsus sammiti bo‘lib o‘tgan edi. Sammitda Yevropa Ittifoqi rahbarlari konsensusga erishishga harakat qildi, YeI elchilari yig‘ilish boshlanishiga qadar bir necha hafta davomida umumiy bayonot matni ustida birga ishladi, ko‘plab diplomatlar ovoz berishga ijodiy yondashish va “konstruktiv tiyilish”ga umid bildirdi, biroq Viktor Orban vakili bo‘lgan Vengriya qat’iyligicha qoldi. Vengriya rahbari Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha pozitsiyasidan uzoqlashdi va bayonot 27 emas, 26 hukumat va davlat rahbari tomonidan qabul qilindi. Sammit xulosalari matniga Ukraina orqali gaz tranziti bo‘yicha band qo‘shish orqali Slovakiya bilan murosa topildi.


Maqola muallifi

Teglar

sammit EI Bel'giya Bryussel

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing