Britaniyaning sobiq shahzodasi ozod etildi
Olam
−
20 fevral 3137 2 daqiqa
Buyuk Britaniya politsiyasi qirol Charlz III ning ukasi shahzoda Endryuni Jeffri Epshteyn bilan aloqalari yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida ushlagan edi. U qariyb 12 soat davom etgan so‘roqdan keyin o‘sha kuni kechqurun politsiya bo‘limidan ozod qilingan. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Politsiya 66 yoshli sobiq qirollik oilasi a’zosi davlat xizmatida noqonuniy harakatlar sodir etganlikda gumon qilinib hibsga olingani, keyinchalik esa “tergov davom etayotgan holatda” ozod etilganini bildirgan. Bu maqom tergov davom etayotganini anglatadi, ammo hozircha unga rasmiy ayblov e’lon qilinmagan.
Avvalroq, huquq-tartibot idoralarining bayonotida Endryuning ismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagan, faqat 60 yoshdan oshgan bir erkak ushlangani ma’lum qilingan edi. Shuningdek, tergov bilan bog‘liq ikki manzilda tintuv o‘tkazilgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, tergov 2010 yilda Endryu Jeffri Epshteynga savdo hisobotlarini yuborgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganmoqda. Tekshiruvga AQSHda Epshteyn ishi bo‘yicha yig‘ilgan katta hajmdagi hujjatlar e’lon qilinishi sabab bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar sobiq shahzodani rasmiy lavozimlarda ishlagan davrida xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumon qilmoqda. Shahzoda esa ilgari bir necha bor har qanday qonunbuzarlikni rad etgan va Epshteyn bilan do‘stligi uchun afsus bildirgan.
Endryu Epshteyn ishi bilan bog‘liq mojarodan so‘ng qirollik oilasi a’zosi sifatidagi rasmiy unvonlari va majburiyatlaridan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dubayda joylashgan global logistika giganti DP World rahbari Sulton Ahmad bin Sulaym “Epshteyn ishi” bilan aloqalari oshkor bo‘lgach, lavozimini tark etgandi.
Live
Barchasi