Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lganlarga energetik ichimlik sotish taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Buyuk Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga o‘zida yuqori miqdorda kofein saqlovchi energetik ichimliklarni sotish taqiqlanishi mumkin. Bu haqdagi reja hukumat saytida e’lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada har kuni 100 mingga yaqin bola kamida bitta shunday ichimlik iste’mol qiladi. Tadqiqotlar energetiklar uyqu buzilishi, xavotir, diqqatning pasayishi va semirish bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan. Hozirgi yorliqlarda “bolalarga tavsiya etilmaydi” degan ogohlantirish bor, ammo yangi choralar bu ichimliklarni bolalarga sotishni barcha joylarda – do‘konlarda, kafe va restoranlarda taqiqlaydi.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vaziri Ues Striting bu choralarni shoshilinch ravishda qabul qilish kerakligini aytgan. 

“Bolalardan o‘qishda yutuqlar kutishimiz mumkin emas, agar ularning organizmida har kuni to‘rt banka kolaga teng kofein bo‘lsa. Energetik ichimliklar zararsizdek tuyulishi mumkin, lekin ular bolalarning uyqusi, diqqat-e’tibori va ahvoliga salbiy ta’sir qiladi, yuqori shakarli turlari esa tishlarni buzadi va semirishga olib keladi”, degan vazir. 

Ushbu tashabbus hukumatning “O‘zgarishlar rejasi” doirasida amalga oshirilmoqda. Reja davolashdan ko‘ra profilaktikaga o‘tish va uzoq muddatli sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan. Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, taqiq 40 mingga yaqin bolada semirishning oldini olishi va sog‘liq uchun o‘nlab million funt foyda keltirishi mumkin.

Ta’lim vaziri Bridjet Fillipson bu qarorni darslardagi intizomni yaxshilash bilan bog‘lagan. 

“Bu ko‘plab bolalarning o‘qishini susaytiradi. Bugungi qaror bu muammoni hal qilish yo‘lidagi navbatdagi qadamlardan biridir”, degan vazir. 

Joriy yilning 2 sentyabr kuni boshlangan muhokama 12 hafta davom etadi va sog‘liqni saqlash mutaxassislari, o‘qituvchilar, chakana savdo vakillari, ishlab chiqaruvchilar, nazorat organlari va jamoatchilik fikrlarini qamrab oladi.

Ko‘plab yirik sotuvchilar allaqachon bunday ichimliklarni sotishni cheklagan, biroq kichik do‘konlar hanuz bolalarga energetik ichimliklar sotishda davom etmoqda. Shu sababli milliy darajada yagona yondashuvni joriy etish talablari kuchaygan.

Taklif ota-onalar, o‘qituvchilar, tibbiyot mutaxassislari va faollar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Qirollik pediatriya va bolalar salomatligi kolleji taqiqni “bolalar salomatligini mustahkamlashdagi keyingi qadam” deya baholagan.

Agar tasdiqlansa, taqiq 1 litrda 150 milligrammdan ortiq kofein bo‘lgan barcha ichimliklarga tatbiq etiladi. U kam kofeinli gazsiz ichimliklar, choy va qahvaga taalluqli bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qrimda 8-sinf o‘quvchisi energetik ichimlik ichganidan keyin yuragi to‘xtab qolgandi. Shundan keyin u shifoxonaga yotqizilgan va u yerda komaga tushib qolgan. Shifokorlar unga noma’lum modda bilan zaharlanish tashxisini qo‘ygandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya energetik ichimlik kofein

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing