Britaniya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi – “The Guardian”
Olam
−
09 noyabr
8053Amaldagi Buyuk Britaniya Bosh vaziri, leyboristlar partiyasi rahbari Kir Starmer joriy yil iyul oyida parlament saylovlari natijasida Londonda hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng Buyuk Britaniya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan. Bu haqda kecha, 8 noyabr kuni ukrainalik rasmiylariga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kiyev hukumati tomonidan bildirilayotgan asosiy da’vo Ukraina armiyasi uchun Britaniya tomonidan yangi Storm Shadow uzoq masofali raketalar yetkazib berilmayotgani.
“Starmer bizga uzoq masofali qurol bermayapti. Hozirgi vaziyat konservator Rishi Sunak bosh vazir bo‘lgan paytdagidek emas. Munosabatlar yomonlashgan”, deydi nashr manbasi.
Bundan tashqari, yana bir yuqori martabali manbaning ta’kidlashicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan taqdim etilgan mojaroni hal qilish rejasi Londonda katta qiziqish uyg‘otmagan, chunki Starmer Vashingtonning ma’qullashisiz strategik qarorlar qabul qilishni istamayapti.
Nashr manbalari, shuningdek, Buyuk Britaniya Bosh vaziri ushbu lavozimga saylanganidan beri biror marta ham Ukrainaga tashrif buyurmaganiga e’tibor qaratgan.
“Biz avgustdan beri Starmerning tashrifini muhokama qilyapmiz. Bir necha sana aytilgan edi. Ammo Starmer safarni bir necha bor kechiktirdi”, deydi amaldor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Ukraina uchun britaniyalik ishlab chiqaruvchilardan zamonaviy qurol-yarog‘ sotib olish maqsadida 3,5 milliard funt sterling (taxminan 4,6 milliard dollar) ajratgan edi.
LiveBarchasi