Britaniya shahzodasi koronavirusga chalingan. Lekin buni ommadan yashirgan
Olam
−
02 noyabr 2020
3121Buyuk Britaniya shahzodasi Uilyam aprel oyida koronavirusga chalingan. Ammo buni ommaga sezdirmagan. Bu haqda "The Sun" xabar bermoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, Kembrij gersogida joriy yilning aprel oyida koronavirus testi musbat natija bergan. Ammo u odatdagidek ishlashni davom ettirishga qaror qilgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, oxir-oqibat kasallikning og‘ir formasi shakllangan. Ba’zi holatlarda shahzoda Uilyam nafas olishga qiynalgan, bu esa uning yaqinlarini tashvishga solgan.
Keyinchalik qirollik oilasining a’zosi Norfolkdagi Anmer Xoll oilaviy uyida o‘z-o‘zini yakkalagan. Unga saroy shifokorlari qarashgan.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson va shahzoda Uilyamning otasi, shahzoda Charlz kasallikni yashirishga qaror qilishgan. Chunki bu jamiyatda vahima uyg‘otishi mumkin bo‘lgan.
Avvalroq, koronavirus tarqalishi tezlashgani sababli Angliyada 5 noyabrdan 2 dekabrgacha yangi cheklovlar amal qilishi haqida xabar bergandik.
Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniyada koronavirusga chalinganlar 1 milliondan oshgan. 46 ming 717 kishi vafot etgan.
Dunyoda koronavirus yuqtirib olganlar 46 milliondan oshgan. 1 milliondan ko‘p bemor virus qurboni bo‘lgan.
LiveBarchasi