Britaniya sanksiyalariga tushgan Qozog‘iston kompaniyalari “bir kunlik” bo‘lib chiqdi
Olam
−
08 noyabr
4001Buyuk Britaniya sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Qozog‘iston kompaniyalari bir kunlik firmalar ekani ochiqlandi. Bu haqda Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri Nurlan Baybazarov ma’lum qildi.
“Eslashimcha, dastlabki ikkita kompaniya ilgari AQSH sanksiyalariga ham tushgan edi. Ular bir kunlik kompaniyalar va maxsus maqsadlarda ochiladi. Biz tekshiruv o‘tkazishni boshlaganimizda ularning aslida to‘liq xo‘jalik faoliyati olib bormasligini ko‘ramiz. Ular ochilib, biror shartnoma tuzadi va aslida yo‘q bo‘lib ketadi,” deb tushuntirdi vazir.
Baybazarovga ko‘ra, Qozog‘istondagi sanksiyalarga javobgar moliya xizmatlari ushbu kompaniyalarni allaqachon ro‘yxatga olgan va sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.
“Menimcha, bu tizimli masalalar emas, balki bir martalik kompaniyalar bo‘lib, ular faqat foyda olishni ko‘zlaydi. Bu bilan kurashish qiyin, ammo biz Amerika va Yevropadagi sanksiyalarni nazorat qiluvchi xizmatlar bilan kelishilgan cheklovlarga rioya qilamiz,” dedi Baybazarov.
Shuningdek, rasmiy endi ushbu MCHJlar o‘zlari ishlagan ayrim bozorlarini yo‘qotishini qo‘shimcha qilgan. Bundan tashqari, Baybazarov boshqa Qozog‘iston kompaniyalariga ular bilan eksport va import operatsiyalari bo‘yicha hamkorlik qilishni tavsiya etilmasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya hukumatining yangilangan sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekiston va Qozog‘istonning bir nechta kompaniyalari ham qo‘shilgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi