Britaniya Polshaga dengiz piyoda batalonini yuboradi

Olam

image

Buyuk Britaniya hukumati Polshaga Qirollik dengiz piyodalarining 3-maxsus kuchlari brigadasidagi batalondan 350 nafar askarni yuboradi. Bu haqda kecha, 8 fevral kuni e’lon qilingan Birlashgan Qirollik Mudofaa vazirligining bayonotida so‘z boradi. 

Qayd etilishicha, Shotlandiyaning Arbroat shahrida bo‘lib turgan Britaniyaning 45-batalon harbiy xizmatchilari, yaqin kunlarda Polshaga joylashtiriladi.

“Ular Ukraina chegarasida davom etayotgan keskin vaziyat fonida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish va favqulotda vaziyatlarni rejalashtirishda Polsha qurolli kuchlariga yordam beradi”, deyiladi vazirlik bayonotida. 

Vazirlikning alohida ta’kidlashicha, harbiylar Polsha hududiga NATOga yordam sifatida emas, balki, ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuvga asosan joylashtirlomoqda.  

“Polsha bizning eng qadimgi ittifoqchilarimizdan biri. NATO va Yevropadagi muammolarni hal qilishda kuchli hamkorlar sifatida, biz Ukraina hududiy suvereniteti va NATOning ochiq eshiklar siyosatini himoya qilishda qat’iy turamiz”, degan Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles Polshalik hamkasbi bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida.

Uollesning ta’kidlashicha, tomonlar Rossiya agressiyasini yumshatish, Ukraina chegarasidagi tarang vaziyatni barqarorlashtirish va Yevropada xavfsizlikni ta’minlash borasida rasmiy Moskva bilan muzokaralarni davom ettirishni muhim deb hisoblaydi. 

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Sharqiy Yevropada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun AQSH ham rasman o‘z harbiylarini Polshaga kiritgan edi. Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbining bildirishicha, AQSH NATOga a’zo Yevropa davlatlari hisoblangan Ruminiya, Polsha va Germaniyaga 8,5 ming qo‘shin kiritadi.

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan. 

Boshqa tomondan Rossiya, Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.


Maqola muallifi

Teglar

Pol'sha Britaniya

Baholaganlar

38

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing