Britaniya minglab askarini uzoq muddatga Ukrainaga yubormoqchi

Olam

image

Buyuk Britaniya hukumati minglab harbiylarini Ukrainaga jo‘natishni rejalashtirmoqda. Ularning vazifasi Moskva va Kiyev o‘rtasidagi ehtimoliy sulhni nazorat qilish bo‘ladi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumatidagi yuqori martabali manbaga tayanib, “The Times” nashri xabar berdi.

“Bu uzoq muddatli majburiyat bo‘ladi, gap yillar haqida ketmoqda. Sulh bitimini saqlab qolish va Rossiyani tiyib turish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi”, dedi manba.

“The Times” xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniya o‘z harbiylarini Ukrainaga Fransiya, Turkiya, Kanada va Avstraliya bilan birga yuborish haqida kelishib olgan. Yana 30 dan ortiq davlat ushbu missiyani qurol va moddiy-texnik yordam bilan qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lgan. Jami 30 minggacha tinchlikparvar harbiylar Ukrainaga jo‘natilishi mumkin.

Biroq ushbu kontingent faqat Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolangandan keyin Ukrainaga kiritiladi. Rossiya esa NATO davlatlarining harbiylarini Ukrainada joylashtirishga keskin qarshi chiqmoqda.

“Bu gap-so‘zlar mutlaqo noo‘rin va bema’nidir. Agar ular u yerda paydo bo‘lsa, bu ularning to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga aralashganini anglatadi. Bu esa barcha oqibatlari bilan birga urush ishtirokchisiga aylanish deganidir”, dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqatgina qurolsiz kuzatuvchilar joylashtirilishi mumkin va ular tinchlik bitimi bajarilishini nazorat qilish bilan shug‘ullanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tinchlikparvar kuchlarni Ukrainaga joylashtirish uchun Rossiyaning roziligi kerak emasligini ta’kidlagan edi. Uning fikricha, tinchlikparvar kuchlarning joylashtirilishi kelajakdagi muzokaralarning muhim qismi bo‘ladi, chunki ukrainaliklar hech qanday hududiy murosaga borolmaydi va xavfsizlik kafolatisiz qolishi mumkin emas.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Britaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing