Britaniya kompaniyasi Ustyurtdagi neft-gaz blokidan 40 foiz ulush sotib oldi
Jamiyat
−
13 may 1915 2 daqiqa
Britaniyaning British Petroleum kompaniyasi O‘zbekistonning Shimoliy Ustyurt neft-gaz mintaqasidagi oltita blok bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTB) imzoladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bitim Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini o‘z ichiga oladi. Umumiy hisobda BP mahsulot taqsimotiga oid bitimda 40 foizlik ishtirok ulushini qo‘lga kiritgan: mavjud sheriklar – SOCAR va “O‘zbekneftgaz”ning har biridan 20 foizdan ulush sotib olingan.
Bitim kuchga kirganidan so‘ng MTBdagi ishtirok ulushlari quyidagicha taqsimlanadi:
- BP – 40 foiz;
- “O‘zbekneftgaz” – 30 foiz;
- SOCAR (loyiha operatori) – 30 foiz.
2025 yil iyul oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi, Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Ustyurt neft-gaz hududining investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi mahsulot taqsimotiga oid bitimni imzolagan.
Bitim shartlariga ko‘ra, kamida 1 000 kvadrat kilometr maydonda 3D seysmik qidiruv ishlarini o‘tkazish va natijalarga ko‘ra bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Sanoat ahamiyatiga ega uglevorod konlari aniqlangan taqdirda, tomonlar ularni o‘zlashtirish va keyinchalik qazib olishga kirishadi.
“Hozirgi vaqtda loyiha birinchi bosqichda, bunda SOCAR operator sifatida seysmik ishlarni amalga oshirmoqda”, deyiladi BP xabarida.
Hukumatning dastlabki baholashiga ko‘ra, ushbu mintaqa 100 million tonnagacha neft va 35 milliard kubometr tabiiy gaz zaxirasi salohiyatiga ega.
Live
Barchasi