Britaniya kimlarni qirolning toj kiyish marosimiga taklif qilmadi?

Olam

image

Buyuk Britaniya qirol Charlz III ning Londondagi toj kiyish marosimiga Afg‘oniston, Belarus, Venesuela, Eron, Myanma, Rossiya va Suriya davlat rahbarlarini taklif qilmadi. Bu haqda bugun, 4 may kuni Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tariq Ahmad ma’lum qildi.

“Buyuk Britaniya bilan to‘liq diplomatik aloqalarga ega bo‘lgan barcha davlat rahbarlariga taklifnomalar yuborildi, bir nechta istisnolar bundan mustasno. Hamdo‘stlik va Oroldan tashqari hududlar ham o‘zlarining konstitutsiyaviy qoidalariga muvofiq taklifnomalar oldi. Afg‘oniston, Belarus, Myanma, Rossiya, Suriya, Eron va Venesuelaga hech qanday taklif yuborilmagan. Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Nikaraguaga esa Londondagi diplomatik missiyalar rahbarlari darajasida taklifnomalar yuborildi”, degan lord Ahmad. 

Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Andrey Kelin hozirgi siyosiy sharoitda tojga taklif kutmaganligini aytgan.

Ma’lumot uchun, 74 yoshli Charlz III ning toj kiyish marosimi onasi qirolicha Yelizaveta II (1926-2022) vafotidan 8 oy o‘tib, joriy yilning 6 may kuni Vestminster abbatligida 200 dan ortiq mamlakatdan 2,2 mingdan ortiq kishi ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Mehmonlar orasida qirollik oilasi a’zolari, 100 ga yaqin davlat rahbarlari, Uels, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyaning birinchi vazirlari, Hamdo‘stlik mamlakatlari general-gubernatorlari, yirik ma’muriy birliklardagi qirol lord-leytenantlari, Nobel mukofoti laureatlari, turli cherkovlar, diplomatik korpus vakillari, jamoat, xayriya tashkilotlari xodimlari bor. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden bir necha hafta oldin mamlakatning Birinchi xonimi Jill Bayden toj kiyish marosimida o‘z mamlakati vakili bo‘lishini e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya toj kiyish marosimi qirol Charl'z III

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing