Britaniya Qizil dengizni patrul qilishda davom etadi – Sunak
Olam
−
12 yanvar
3841Britaniya harbiy-dengiz kuchlari Yamandagi husiylarning keyingi “tajovuz”ini oldini olish uchun Qizil dengizda patrullik qilishda davom etadi. Bu haqda Bosh vazir Rishi Sunak bayonot berdi.
"Qirollik dengiz floti husiylarning keyingi tajovuzkorligining oldini olish uchun “Prosperity Guardian” xalqaro operatsiyasi doirasida Qizil dengizni patrul qilishda davom etmoqda. Biz ularni hujumlarni to‘xtatishga va keskinlikni kamaytirish choralarini ko‘rishga chaqiramiz", deydi hukumat rahbari.
Shuningdek, Sunak Buyuk Britaniya va AQSHning Yaman ichidagi husiy pozitsiyalariga zarbalari o‘zini himoya qilish uchun qilingan cheklangan va mutanosib harakat ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 12 yanvarga o‘tar kechasi AQSH va Britaniya kuchlari samolyotlar, kemalar va suvosti kemalari yordamida Yamanning Sana, Saada, Hodeyda, Taiz va Damar kabi bir qancha shaharlarida husiylarning nishonlariga zarba bergandi. AQSH Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Yamandagi zarba Qizil dengizdagi “misli ko‘rilmagan husiy hujumlari”ga javob bo‘lgan va mudofaa xarakteriga ega. Amerika ma’muriyati raketalar, uchuvchisiz havo vositalari va husiy radar stansiyalari joylashgan joylarga hujum qilinganini bildirmoqda.
Husiylar esa AQSH va Britaniya qo‘shinlarining Yamanga hujumi G‘arbning G‘azodagi vaziyatdan e’tiborni chalg‘itishga urinishi ekanini da’vo qildi. Ular bu zarbaga qaramay, Qizil dengizdagi Isroil bilan bog‘liq fuqarolik kemalariga hujum qilishda davom etishini bildirdi.
Rossiya Yamanga berilgan zarbalari munosabati bilan bugun, 12 yanvar kuni BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni talab qildi.
LiveBarchasi