Britaniya Isroilga qurol sotishda rekord ko‘rsatkichga erishdi

Olam

image

Buyuk Britaniya 2025 yilda Isroilga qurol-aslaha sotishda rekord ko‘rsatkichga erishdi. Bu haqda “Channel 4” nashri ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yilning dastlabki to‘qqiz oyida London Tel-Avivga taxminan 1 million funt sterling (qariyb 1,2 million yevro)lik harbiy mahsulot sotgan. Bu raqam avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan deyarli ikki baravar yuqori bo‘lib, ayni damda Britaniyaning Isroilga qurol eksporti rekord darajaga chiqqan. Ayniqsa, iyun oyida 400 ming funtlik, sentyabrda esa 310 ming funtlik savdo amalga oshirilgan – bu ikki oy oxirgi yillarda eng ko‘p qurol sotilgan davr bo‘lgan.

Sotilgan mahsulotlar orasida bomba, granata, torpedo, raketa va o‘q-dorilar mavjud. Avgust oyida 150 ming funtlik eksport amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 20 ming funtlik qismini o‘qlar tashkil etgan. Shuningdek, ushbu qurollar kimga sotilgani yoki ular boshqa davlatlarga qayta sotilganmi yo‘qmi, bu haqda aniq ma’lumotlar yo‘q.

“Mahsulotlar G‘azodagi mojaro kuchayishiga xizmat qilmasligi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rmoqdamiz”

Britaniya hukumati bu borada munosabat bildirar ekan, quyidagilarni ta’kidlagan:

“Biz G‘azo yoki Iordan daryosining G‘arbiy Sohilidagi harbiy amaliyotlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan bomba yoki o‘q-dorilarni Isroil armiyasiga sotmaymiz. Ma’lumotlarda keltirilgan mahsulotlar asosan fuqarolik maqsadlarida foydalaniladi. Yoki ular Isroil tomonidan qayta sotilgan bo‘lishi mumkin. Qurol eksporti borasida nazorat tizimimiz juda qat’iy va mahsulotlar G‘azodagi mojaro kuchayishiga xizmat qilmasligi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rmoqdamiz”.

Isroil tomoni esa soliqqa oid qonunlar sababli qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlay olmasligini bildirgan. Yahudiylarning bayonotida ta’kidlanishicha, sotilgan mahsulotlar o‘q-dori yoki qurol emas.

Ma’lumot o‘rnida, Britaniya hukumati 2024 yilda Isroilga 30 ga yaqin qurol eksport litsenziyasini to‘xtatgan edi. Biroq 2025 yil iyul oyiga ikki davlat orasidagi qurol savdosi litsenziyasi 347 taga yetgan. London ushbu mahsulotlar mudofaa maqsadida eksport qilinayotganini bildirmoqda.

Bundan tashqari, Britaniya Isroil foydalanayotgan F-35 qiruvchi samolyotlarining ayrim qismlarini ham ishlab chiqaradi. Ammo rasmiylar bu qismlar global ishlab chiqarish dasturiga kirgani va bevosita Isroilga sotilmayotgani sababli ularning eksporti to‘xtatilmasligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 6 oktyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan birinchi bosqich muzokaralar Misrning Sharm-al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tdi va “ijobiy muhitda” yakunlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya F-35 Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing