Britaniya Farhod Ahmedovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi
Olam
−
20 mart
6943Buyuk Britaniya asli kelib chiqishi ozarbayjon bo‘lgan rossiyalik milliarder va tadbirkor Farhod Ahmedovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda Britaniyaning Moliyaviy sanksiyalarni amalga oshirish boshqarmasi (OFSI) xabar berdi.
Ahmedov 2022 yil aprelidan buyon Britaniya sanksiyalari ostida bo‘lib, uning aktivlari muzlatilgan edi. Tadbirkorning advokati Uilyam Jule RBK nashriga bergan izohida Londonda cheklovlar bekor qilingani Ahmedovning Britaniya sanksiya qonunchiligiga muvofiq qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ariza berganidan so‘ng amalga oshganini tasdiqlagan.
“Oddiy qilib aytganda, 2018 yilgi sanksiyalar va pul yuvishga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunning 23 (1) (b) moddasi sanksiyaga uchragan shaxslarga hukumatdan o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishni so‘rash imkoniyatini beradi. Ushbu mexanizm sud jarayonidan o‘tmasdan dalillar va asoslarni taqdim etish imkoniyatini yaratadi”, dedi advokat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ahmedov Britaniya hukumatining bu qarorini mamnuniyat bilan qabul qilgan. Advokatning ta’kidlashicha, bu natija sanksiyalar joriy etilishining huquqiy jihatdan to‘g‘ri nazorat qilinishining muhimligini ko‘rsatadi.
Qayd etish joiz, 2024 yil may oyida Yevropa Ittifoqi sudi ham Ahmedovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgan. U 2022 yil aprelida Yevropa sanksiyalariga tushgan, biroq 2023 yil kuzida Bryussel uni ro‘yxatdan chiqargan. Sud qarorida Ahmedovning Rossiya va Ozarbayjon fuqarosi ekani aytilgan bo‘lsa-da, advokat Uilyam Jule uning Ozarbayjon fuqarosi emasligini ta’kidlagan.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, Bryussel Ahmedov Transley Trading kompaniyasiga asos solib, uni Rossiya gaz ishlab chiqaruvchilariga uskunalar yetkazib berish uchun ishlatganini va “Nortgaz” hamda “Bechtel Energy” kompaniyalaridagi ishtiroki tufayli sanksiyalar ro‘yxatiga tushganini bildirgan.
Lekin tadbirkor Transley Trading 1999 yildan beri mavjud emasligini, “Nortgaz”dagi aksiyalarini 2012 yilda sotganini, “Bechtel Energy” kompaniyasining boshqaruv raisi bo‘lmaganini va hech qanday lavozim egallamaganini ta’kidlagan.
Shu bois, 2023 yil 15 sentyabr kuni Ahmedovning ismi sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilib, sud uning jazolanishi asossiz bo‘lganini tan olgan.
Ma’lumot o‘rnida, Farhod Ahmedov gaz qazib chiqaruvchi “Nortgaz” kompaniyasining sobiq egasi bo‘lib, 2004-2007 yillarda Rossiya Federatsiya Kengashida Krasnodar o‘lkasi senatori sifatida ishlagan.
2005 yilda “Nortgaz”ning yuridik manzili Krasnodarga ko‘chirilgan va kompaniya mintaqa byudjetiga soliq to‘lashni boshlagan.
Ahmedov, shuningdek, “Krasnaya Polyana” kurortining rivojlanishiga sarmoya kiritgan. U Sochi-2014 Olimpiadasi oldidan “Gorki Gorod” va “Gornaya Karusel” chang‘i kurortlarini qurishni boshlagan, 2004-2006 yillarda ularni rivojlantirishga 16 milliard rubl ajratishni rejalashtirgan.
2006 yilda esa bu loyihani Magomed Bilalovga sotgan. Bilalov – Shimoliy Kavkaz kurortlari kompaniyasi boshqaruv kengashi raisining ukasi va Rossiya Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi rossiyalik tadbirkor va milliarder Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilovani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqargan edi. Shuningdek, tadbirkor, Yevropa Yahudiy Kongressining sobiq rahbari Vyacheslav Moshe Kantor, Rossiya Federatsiyasi Sport vaziri Mixail Degtyaryov ham YeI sanksiyalari ro‘yxatidan chiqarilgan.
LiveBarchasi