Britaniya Falastinni tan olish bo‘yicha reja tuzmoqda
Olam
−
29 iyul 1913 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer joriy haftada Falastinni tan olish rejasini taqdim etishi mumkin. Bu haqda “The Times” gazetasi xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, Starmer o‘z hukumati ichida katta bosim ostida qolgan. Vazirlar Falastin davlatini tan olish jarayonini tezlashtirishni talab qilmoqda. Leyboristlar partiyasidan 130 dan ortiq deputat ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda va bu yil yakunigacha amalga oshishiga umid bildirmoqda.
Shu bilan birga, nashr Britaniya sentyabr oyida Falastinni rasman tan olishni rejalashtirgan Fransiya yo‘lidan borishi dargumonligi haqida yozgan. Reja aniq muddatlar o‘rniga Falastinni tan olishni Yaqin Sharqda tinchlikka erishish vositasi sifatida qanday ishlatish mumkinligini ko‘rsatadigan shartlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, Britaniya Bosh vaziri yaqin kunlarda bu rejani AQSH va arab davlatlari kabi ittifoqchilariga taqdim etadi. Rejada falastinliklarning “o‘z mustaqil davlatini tuzish bo‘yicha ajralmas huquqi” tan olinishi nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun, 24 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasman tan olish niyatida ekanini bildirgan edi. U G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinch aholi uchun yordam ko‘rsatish zarurligini alohida ta’kidlagan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa Fransiyaning bu qaroriga keskin qarshi chiqqan. Uning aytishicha, AQSH rasmiylari Falastinni tan olish bo‘yicha Parijning qarorini qat’iyan rad etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Starmer X sahifasida Falastinni tan olishi mumkinligini aytgandi. Starmerning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror ikki davlat o‘rtasida tinch-totuv yashash va ikki mamlakat xalqlarining xavfsizligi uchun sharoit yaratadigan kengroq rejaning bir qismi bo‘lishi kerak.
Live
Barchasi