Britaniya ham Falastinni tan olishi mumkin

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer mamlakat Falastinni tan olishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.

“Men eng yaqin ittifoqchilarimiz bilan mintaqada tinchlik o‘rnatish strategiyasi ustida ishlayapman. Urush oqibatida jabrlanganlarning hayotini o‘zgartirishga qaratilgan amaliy yechimlarga e’tibor qaratmoqdaman. Bu strategiya juda zarur bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini doimiy tinchlikka aylantirish uchun zarur bo‘lgan aniq qadamlarni o‘z ichiga oladi. Falastin davlatini tan olish ana shu qadamlardan biri bo‘lishi kerak”, dedi u.

Starmerning qo‘shimcha qilishicha, bu ikki davlat o‘rtasida tinch-totuv yashash va ikki mamlakat xalqlarining xavfsizligi uchun sharoit yaratadigan kengroq rejaning bir qismi bo‘lishi kerak.

Buyuk Britaniya parlamentining uchdan biridan ortig‘i – to‘qqiz siyosiy partiyadan 220 dan ortiq deputat Bosh vazir Kir Starmerga Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishga chaqiruvchi xatni imzoladi.

“Biz Buyuk Britaniyaning Falastin uchun erkinlik va mustaqillikni ta’minlay oladigan holatda emasligini tan olsakda, Buyuk Britaniyaning tan olinishi bizning tarixiy aloqalarimiz va BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zoligimiz hisobga olinsa, muhim ta’sir ko‘rsatadi”, deyiladi bayonotda.

Maktub mualliflari Falastinning arab va yahudiy qismlarga bo‘linishidan oldin bu hududni Buyuk Britaniya boshqarganini hisobga olib, London tomonidan tan olinishi “ayniqsa kuchli ta’sir” berishiga ishonch bildirgan. “The Guardian” yozishicha, ko‘plab vazirlar, jumladan, Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ham Falastinni imkon qadar tezroq tan olish tarafdori.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron rasmiy Parij Falastinni davlat sifatida rasman tan olishga tayyorligini aytgandi. Uning aytishicha, ushbu qaror rasman sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining yangi sessiyasida e’lon qilinadi. “Reuters” Leyboristlar partiyasidagi manbaga tayanib, hukumat Isroilni qoralash bo‘yicha keyingi diplomatik qadamlar qo‘ymagani uchun ba’zi partiya a’zolari Starmerdan norozi ekanini yozdi. Agentlik, shuningdek, Falastinning tan olinishi Buyuk Britaniya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkinligini xabar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya BMT Falastin Kir Starmer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing