Britaniya AstraZeneca vaksinasini favqulodda qo‘llashga ruxsat berdi
Olam
−
30 dekabr 2020
2538Buyuk Britaniya Hukumati shoshilinch tarzda AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi va Oksford universiteti tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi vaksinani ma’qulladi.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi klinik sinovlar paytida vaksina xavfsizligini ko‘rsatganini ma’lum qilgan.
"Hukumat bugun Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini nazorat qilish agentligining Oksford universiteti va AstraZeneca vaksinasidan foydalanishga ruxsat berish bo‘yicha tavsiyasini qabul qildi. Bu agentlik mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan qattiq klinik sinovlar va ma’lumotlar tahlilidan so‘ng amalga oshirildi, ular vaksina xavfsizlik, sifat va samaradorlikning qat’iy standartlariga javob beradi degan xulosaga kelishdi", deyilgan xabarda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada koronavirus bilan kasallanganlar 2,39 milliondan oshgan. 71 ming 567 nafar bemor vafot etgan.
Ma’lumot o‘rnida, dekabr oyi o‘rtalarida mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Mett Xenkok Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi paydo bo‘lganini e’lon qildi. Shundan so‘ng, 20 dan ortiq mamlakat Buyuk Britaniya bilan parvozlarni to‘xtatdi.
Shuningdek, AstraZeneca ishlab chiqqan vaksinaning narxi ham arzon. Kompaniya pandemiya vaqtida preparatdan foyda olish niyatida emasligi va uni 4-5 dollardan sotishni rejalashtirganini aytgandi.
Shuningdek, AstraZeneca'ning yana bir ustunligi shundaki, uni oddiy muzlatkichda saqlash mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Pfizer vaksinasi Selsiy bo‘yicha -70 darajada saqlanadi.
Avvalroq, AstraZeneca kompaniyasi o‘zining koronavirusga qarshi vaksinasini Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasi bilan kombinatsiyasini o‘rganish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Klinik sinovlarda 18 yoshdan katta ko‘ngillilar ishtirok etishi aytilgan. "Sputnik V" ishlab chiqarilgan Gamaley markazi rahbari Aleksandr Ginsburg vaksinalarning duragayligi ikki yil davomida immunitet hosil qila olishi mumkinligini aytgan.
LiveBarchasi