Britaniya ham Rossiyaga qarshi yirik sanksiyalar paketini e’lon qildi

Olam

image
O‘zbekiston kompaniyasi ham YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga “ilindi” north_east

O‘zbekiston kompaniyasi ham YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga “ilindi”

Yevropa Ittifoqi ortidan Buyuk Britaniya ham Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganining uch yilligi munosabati bilan e’lon qilingan cheklovlar ro‘yxati 107 banddan iborat. Yangi paket Rossiya Qurolli kuchlari ta’minot zanjiri, “Putinning noqonuniy urushini qo‘llab-quvvatlaydigan daromadlar” hamda Kremlga foyda keltirayotgan kleptokratlarga qaratilgan. Bu haqda Britaniya hukumati bayonot berdi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi yangi sanksiyalar paketini “Rossiyaning bosqinidan beri eng yirigi” deb atagan.

“Yangi chora-tadbirlar Buyuk Britaniyaning Ukrainaga sodiqligini ta’kidlaydi. Barqaror tinchlik faqat kuch bilan ta’minlanishi mumkin. Shu sababli biz Ukrainani iloji boricha kuchli holatga qo‘yishga e’tibor qaratmoqdamiz”, deydi u.

Sanksiyalar dastgohlar, elektronika va ikki maqsadda foydalanishdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatadi. Bunga qurol tizimlarida ishlatiladigan mikroprotsessorlar ham kiradi. Cheklovga tushgan korxonalar Rossiyadan tashqari Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Tayland, Hindiston va Xitoyda joylashgan.

Britaniya hukumati Xitoyni “Rossiya armiyasi uchun muhim tovarlarning eng yirik yetkazib beruvchisi” deb atagan. Xususan, Rossiyaga urush ehtiyojlari uchun sanksiya ostidagi texnologiyalarni yetkazib berayotgan Grant-Treyd kompaniyasi, ko‘mir sanoatidagi Russkaya Energiya va Sibantrosit korxonalari, kemalarga radarlar ishlab chiqaruvchi NPP Salyut, shuningdek, Avilon avtomobil guruhi (uning manfaatdor shaxslari Probiznesbankdagi mablag‘larni Rossiya Bosh prokuraturasi rahbariyatining foydasiga legallashtirish bilan bog‘liq), S7 aviakompaniyasi va uning hammuassisi Vladislav Filev sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

“Biz Qirg‘izistonda joylashgan Keremet Bank ochiq aksiyadorlik jamiyati ustidan sanksiyalar joriy etmoqdamiz. Bu esa Rossiyaning o‘z harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliyaviy tizimdan foydalanishini to‘sib qo‘yadi”, deyiladi Britaniya hukumati bayonotida.

Bundan tashqari, sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya iqtisodiyotining strategik tarmoqlarini boshqarayotgan 14 nafar “yangi” kleptokrat ham kiritilgan. Ulardan biri Novaport egasi Roman Trotsenko bo‘lib, u Rossiyadagi eng boy odamlardan biri sifatida tilga olingan. Shuningdek, uning o‘g‘li Gleb Trotsenko, Rosneft rahbari Igor Sechin bilan yaqin biznes aloqalariga ega Eduard Xudaynatov (FBK tekshiruviga ko‘ra, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaxtasining nominal egasi bo‘lib, Sechinning “kanizaklari”ga maosh to‘lagan), tadbirkor Mishel Litvak, bankir Igor Kim, senator Arsen Kanokov (Vkusno i tochka brendining hammuassisi), “Sargrad” telekanali bosh direktori Nataliya Tyurina, shuningdek, “Grant-Treyd” egasi Marat Mustafoyev va uning opasi Dinara ham cheklovlar ostiga tushdi.

Shuningdek, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi rais o‘rinbosari Nikolay Bulayev va Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Denis Popov ustidan ham sanksiyalar joriy qilingan. Sanksiyalar Shimoliy Koreya Mudofaa vaziri No Kvan Chxol va boshqa bir qator shimoliy koreyalik generallar hamda yuqori martabali amaldorlarni ham qamrab oladi. 

Bundan tashqari, Rossiyaning neft mahsulotlarini tashuvchi “soya” flotidagi yana 40 ta kema cheklovga uchradi.

“Ushbu kemalar oxirgi olti oy ichida Rossiyaning 5 milliard dollardan ortiq neft va neft mahsulotlarini tashigan. Umuman olganda, Buyuk Britaniya tomonidan sanksiya joriy qilingan tankerlar soni 133 taga yetdi, bu Yevropa davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir”, deyiladi Britaniya hukumati bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-raundini rasman qabul qilgan edi. Yangi paket Rossiya iqtisodiyotining energetika, savdo, transport, infratuzilma va moliyaviy xizmatlar kabi asosiy tarmoqlariga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi, shuningdek, sanksiyalardan qochish va Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashni kuchaytiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya sanktsiya Rossiya-Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing