O‘zbekiston kompaniyasi ham YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga “ilindi”
Olam
−
24 fevral
13275Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga to‘liq bosqini boshlaganining uch yilligi munosabati bilan Rossiyaga qarshi 16-sanksiyalar paketini joriy etdi. Ushbu sanksiyalar paketiga O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Uzstanex kompaniyasi ham kiritildi. Bu haqda YeI kengashi xabar berdi.
Sanksiyalarga sakkizta Rossiya ommaviy axborot vositasi duchor bo‘lgan, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning “muhim ahamiyatga ega moliyaviy va bank tizimi” hisoblangan 13 ta mintaqaviy bankini SWIFT tizimidan uzib qo‘ygan. Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlovchi yoki sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan shug‘ullanadigan 53 ta kompaniya ham cheklovga uchradi. Ulardan 19 tasi Rossiyada, qolgan 34 tasi esa uchinchi davlatlarda joylashgan. Xususan, Xitoydan 25 ta, Gonkongdan 2 ta, Hindistondan 2 ta, Qozog‘istondan, 2 ta, BAAdan 2 ta, O‘zbekistondan 1 ta, Turkiyadan 1 ta, Singapurdan 1 ta kompaniya sanksiyalar ostiga tushgan.
O‘zbekistondan sanksiyalar ro‘yxatiga Uzstanex kompaniyasi kiritilgan. Yagona davlat reyestriga ko‘ra, Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Tashkilot Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan bo‘lib, ustav kapitali 65 million so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning yagona ta’sischisi – Vasiliy Vitalevich Abramov, direktori esa Dmitriy Aleksandrovich Boysov.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil kuzida ushbu kompaniyaga AQSH va Buyuk Britaniya ham sanksiyalar qo‘llagan edi.
LiveBarchasi