Kurs UZS

USD

12 943.39

-9.81

EUR

14 108.30

50.19

RUB

153.70

2.57

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 16-sanksiya paketini qabul qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-raundini rasman qabul qildi, bu esa Ukrainaga qarshi tajovuzning to‘rtinchi yiliga kirayotgan bir paytda Moskvaga bosimni oshirdi. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni Yevropa komissiyasi tegishli bayonotni e’lon qildi.

“Yangi paket Rossiya iqtisodiyotining energetika, savdo, transport, infratuzilma va moliyaviy xizmatlar kabi asosiy tarmoqlariga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi, shuningdek, sanksiyalardan qochish va Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashni kuchaytiradi”, deyiladi bayonotda.

Mavjud sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish chora-tadbirlari doirasida jarimalar ro‘yxatiga yana 74 ta kema qo‘shildi (hozirda ularning umumiy soni 153 taga yetgan). Ushbu kemalar Rossiyaning energiya daromadlariga hissa qo‘shgan yoki “soya floti”ning bir qismi bo‘lgan. Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishning yangi mezoni joriy etildi: xavfli neft tankerlarining ishlashini qo‘llab-quvvatlovchilarga nisbatan sanksiyalar qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlovchi yoki sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etuvchi 53 ta yangi kompaniya uchun maqsadli eksport cheklovlari joriy etildi. Ularning 34 tasi Rossiyadan tashqarida joylashgan.

Qo‘shimcha sanksiyalar

Ro‘yxatga 83 ta yangi yuridik shaxs, jumladan, Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlovchi, sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan shug‘ullanuvchi, kripto-aktivlar va dengiz transporti sohasida ishlaydigan 48 ta jismoniy shaxs va 35 ta tashkilot kiritilgan.

Jazolar ro‘yxatiga kiritishning yangi mezoni qo‘shildi – sanksiyalar Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga kiruvchi, uni qo‘llab-quvvatlovchi yoki undan foyda ko‘ruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Savdo choralari

Savdo choralarini kuchaytirish doirasida Rossiya alyuminiyining importiga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiq joriy etilmoqda:

Rossiyadan qayta ishlangan alyuminiy mahsulotlarini import qilish bo‘yicha mavjud taqiqdan tashqari, endi birlamchi alyuminiy importi ham taqiqlangan.

Ikki maqsadli mahsulotlar, jumladan, xloropikrin ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan kimyoviy prekursorlar va Rossiya tomonidan Kimyoviy qurollar to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda kimyoviy qurol sifatida qo‘llanilgan boshqa moddalarni eksport qilishni taqiqlash kengaytirildi.

Taqiq qurol ishlab chiqarishda foydalaniladigan raqamli boshqariladigan mashinalar uchun dasturiy ta’minot, shuningdek, rus armiyasi tomonidan dronlarni boshqarish uchun foydalaniladigan geympadlarni o‘z ichiga oladi.

Rossiyaga xrom rudasi va harbiy maqsadlarda qo‘llaniladigan birikmalarni eksport qilish taqiqlanadi. Harbiy maqsadlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, jumladan, minerallar, kimyoviy moddalar, po‘lat, shisha va ferverklarni eksport qilishni taqiqlash joriy etilmoqda.

Energiya va transport choralari

Yangi sanksiyalar to‘plami Rossiya nefti yoki neft mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi portlarida vaqtincha saqlashni to‘liq taqiqlashni nazarda tutadi (ilgari bunga narxlarning yuqori chegarasi bilan ruxsat berilgan edi).

Rossiyaning SPG loyihalarini yakunlash uchun tovarlar, texnologiya va xizmatlarni yetkazib berishni taqiqlash “Vostok Oyl” loyihasi kabi neft loyihalarini qamrab olish uchun kengaytirildi.

Rossiya Federatsiyasiga neft va gazni qidirish va qazib olish uchun dasturiy ta’minotni eksport qilishni taqiqlash joriy etilmoqda.

Parvozlarni taqiqlash Rossiyada ichki reyslarni amalga oshiruvchi yoki Rossiya aviakompaniyalariga aviatsiya tovarlarini yetkazib beruvchi uchinchi davlat aviakompaniyalarini qamrab olish uchun kengaytirilmoqda.

Rossiyaning Yevropa Ittifoqi transport kompaniyalaridagi egalik ulushini 25 foizdan oshirishga taqiq joriy etilmoqda, bu esa sanksiyalarni chetlab o‘tish bo‘shliqlarini yopadi.

Infratuzilma va moliyaviy chora-tadbirlar

To‘liq taqiq Rossiyaning bir qator infratuzilma ob’ektlari, jumladan Vnukovo va Jukovskiy aeroportlari, to‘rtta mintaqaviy aeroportlar, Astraxan va Maxachqal’a portlari, shuningdek, Ust-Luga, Primorsk va Novorossiysk dengiz portlari bilan moliyaviy operatsiyalarga taalluqlidir.

Yevropa Ittifoqi operatorlaridan Rossiya kompaniyalari uchun qurilish xizmatlari taqiqlanadi. Yevropa Ittifoqi yana 13 ta Rossiya bankini  SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan uzdi.

Ularning nomlari oshkor etilmagan, biroq Yevropa Kengashining press-релизида ular “Rossiya moliya va bank tizimi uchun muhim hisoblangan mintaqaviy banklar” ekani ta’kidlangan.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Markaziy bank tomonidan SWIFT'ning mahalliy analogi sifatida yaratilgan Moliyaviy xabarlar tizimiga (SPFS) qarshi sanksiyalarni kengaytirdi va tizimdan foydalanadigan uchinchi mamlakatlarning kredit yoki moliya institutlari uchun tranzaksiyalarni taqiqladi.

Dezinformatsiyaga qarshi kurash

Yevropa Ittifoqidagi yoki Yevropa auditoriyasiga qaratilgan yana sakkizta tashviqot vositalari “Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasini qo‘llab-quvvatlagani va oqlagani” uchun faoliyati to‘xtatilgan.

Yevropa Kengashi saytida chop etilgan press-relizga ko‘ra, EADaily / Eurasia Daily, “Fondsk”, “Lenta”, “NewsFront”, “RuBaltic”, “SouthFront”, “Strategic Culture Foundation” va “Krasnoy zvezdi”ga qarshi sanksiyalar joriy etilgan.

Ularning Yevropa Ittifoqidagi radioeshittirish litsenziyalari to‘xtatilgan. Biroq, joriy etilayotgan chora-tadbirlar ushbu ommaviy axborot vositalari va ularning xodimlarining “YeIda translyatsiyadan tashqari, tadqiqot o‘tkazish va intervyu berish kabi faoliyatni amalga oshirishiga” to‘sqinlik qilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi sanktsiya Rossiya-Ukraina Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing