Britaniya ham AQSHning Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yuborishiga qarshi
Olam
−
08 iyul 2023
6262Buyuk Britaniya kassetali o‘qlardan foydalanishga qarshi. Bu haqda bugun, 8 iyul kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida AQSHning Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berish haqidagi qarorini izohlayotganida so‘z ochdi.
"Buyuk Britaniya kassetali o‘q-dorilarni ishlab chiqarish yoki ulardan foydalanishni taqiqlovchi konvensiyani imzolagan va biz ulardan foydalanishni tavsiya etmaymiz", degan Rishi Sunak.
Shu bilan birga Buyuk Britaniya hukumati rahbari London Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirgan va boshqa mamlakatlarni ham shunday qilishga chaqirgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga harbiy yordamni oshirish yo‘llari kelasi hafta NATOning Vilnyusdagi sammitida muhokama qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, kassetali o‘q-dorilar turli maqsadlar uchun (tankga, piyodalarga va boshqalarga qarshi) ko‘p miqdorda portlovchi o‘q-dorilar bilan yuklangan zaryadlar bo‘lib, ular bombalar, artilleriya snaryadlari va raketa kallaklari ko‘rinishida ko‘plab mamlakatlar armiyalarida ishlatiladi. 2010 yil 1 avgustda kassetali o‘q-dorilar to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirgan, uni 123 davlat imzolagan, shulardan 110 tasi ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiya bilan davlatlar hech qachon, hech qanday sharoitda bunday o‘q-dorilarni ishlab chiqarmaslik, foydalanmaslik va hech kimga bermaslikka va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga kassetali o‘q-dorilarni o‘tkazishga qaror qilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u Kiyev Vashingtonga tinch aholiga minimal tahdid bilan Amerika kassetali o‘q-dorilarini qo‘llash bo‘yicha yozma kafolatlar berganini ta’kidladi. Biroq Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSHning bu qaroriga qarshi chiqdi.
LiveBarchasi