BRICS yetakchilari G‘azodagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazyapti
Olam
−
20 noyabr 2023
7129Ertaga, 21 noyabr kuni BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlari G‘azo sektoridagi vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazadi. Tadbir videokonferensiya tarzida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda BRICS’ga raislik qiluvchi Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosaning matbuot xizmati xabar berdi.
Navbatdan tashqari yig‘ilishda BRICS mamlakatlari – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika, shuningdek tashkilotga yangi taklif etilgan Saudiya Arabistoni, Argentina, Misr, Efiopiya, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari ishtirok etadi
Ramafosaning kirish so‘zlaridan so‘ng, BRICS a’zolari va taklif etilgan davlatlar vakillari G‘azodagi hozirgi gumanitar inqiroz bo‘yicha o‘z mamlakatlari nomidan bayonotlar beradi. Uchrashuvda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qatnashadi. Tadbir ishtirokchilari qo‘shma bayonot qabul qilishi ham rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Janubiy Afrikaning hukmron partiyasi – Afrika milliy kongressi mamlakat hukumatini Isroilning Pretoriyadagi (Janubiy Afrika Respublikasi) elchixonasini yopishga va yahudiy davlatining G‘azodagi xatti-harakatlari munosabati bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 noyabr kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saudning tashabbusi bilan Ar-Riyodda Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasining navbatdan tashqari qo‘shma sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Suriya Prezidenti Bashar Asad, Iordaniya Qiroli Abdulla II, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kabi yetakchilar qatnashgandi. O‘zbekiston delegatsiyasiga esa Bosh vazir Abdulla Aripov boshchilik qildi. Mazkur sammitda ham Yaqin Sharqdagi notinchlik masalasi ko‘tarilgandi.
LiveBarchasi