Braziliyada samolyot halokatga uchradi. Ekipaj va yo‘lovchilar vafot etdi (video)

Olam

image

Kecha, 9 avgust kuni Braziliyadan uchgan samolyot yo‘lovchilari bilan halokatga uchradi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

Voepass-Paulo mintaqaviy aviakompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kaskaveldan San-Paulu xalqaro aeroportiga uchayotgan ATR-72 yo‘lovchi samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 13:30 da San-Pauludan 80 km shimoli-g‘arbda joylashgan Vinedu shahriga qulagan. Fojia oqibatida bortdagi barcha 61 kishi, jumladan 57 yo‘lovchi va 4 ekipaj a’zosi halok bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan videoda ATR-72 samolyoti boshqaruvni yo‘qotib, turarjoy binolari yaqinidagi daraxtlar ortiga qulaganini ko‘rish mumkin.

Yaqin atrofdagi uyda yashovchi, voqea guvohi Daniel de Limaning aytishicha, u qattiq shovqinni eshitgan, keyin derazadan tashqariga qaragan va samolyot spiral shaklida aylanayotgani, lekin oldinga siljimayotganini ko‘rgan.

“U aylanardi, lekin oldinga siljimasdi. Ko‘p o‘tmay, u osmondan tushib, portladi”, deydi u.

Mahalliy hokimiyat vakillarining aytishicha, samolyot turarjoy majmuasidagi uylardan biriga zarar yetkazgan, biroq hech kim jabrlanmagan.

“Ishonchim komilki, uchuvchi yaqin atrofdagi aholi zich joylashgan hududdan qochishga harakat qilgan”, deya qo‘shimcha qildi guvoh.

Parvozlar xavfsizligi bo‘yicha amerikalik ekspert Entoni Brikxausning ta’kidlashicha, boshqaruv yo‘qolishiga ob-havo sharoiti yoki dvigatellar va boshqaruv tizimlaridagi nosozliklar sabab bo‘lishi mumkin. Biroq falokatga aniq nima sabab bo‘lgani ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvada Superjet 100 samolyoti halokatga uchragandi.


Maqola muallifi

Teglar

halokat samolyot Braziliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing