BP O‘rtasaroydagi karantin markazida o‘zini osgan fuqaro haqida yangi ma’lumotlar berdi
Jamiyat
−
22 iyun 2020
20829Avvalroq, Yuqorichirchiq tumanidagi karantin markazida saqlanayotgan fuqaro o‘zini osib qo‘ygani haqida xabar bergan edik. Holat bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi holat bo‘yicha surishitiruv o‘tkazib, natijalarni e’lon qildi.
Aniqlanishicha, Farg‘ona viloyatida yashagan fuqaro S.S. joriy yilning 20 iyun kuni “O‘rtasaroy” karantin markazida o‘zi yotgan xonaga o‘rnatilgan konditsionerning tashqi tomondagi parragiga choyshab bilan noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zini osganligi oqibatida vafot etgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, S.S. 15 iyun kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tomonidan tashkil qilingan charter reys orqali “Moskva-Toshkent” yo‘nalishida mamlakatga olib kelingan va COVID-19 koronavirusiga chalingan yoki chalinmaganligini aniqlash maqsadida Yuqorichirchiq tumanidagi “O‘rtasaroy” karantin markaziga joylashtirilgan va undan koronavirusga surtma olingan.
Mazkur holat yuzasidan tushuntirish bergan A.E. joriy yilning 15 iyun kuni charter reys orqali “Moskva-Toshkent” yo‘nalishida O‘zbekistonga kelganligi va “O‘rtasaroy” karantin markaziga olib kelinganligini, shu kunning o‘zida 1 ta xonaga to‘rt kishi bo‘lib kirishganligini, ularning biri ya’ni S.S. o‘zini yomon tutib kasallikka chalinganligini aytib ular bilan turishni xohlamaganligini, yarim soatlarcha xonaning hovlisida o‘tirganligini, shundan so‘ng shifokorlar kelib u bilan suhbatlashib, uni alohida xonaga joylashtirganligini bayon qilgan.
Shuningdek, “O‘rtasaroy” karantin markaziga xizmatga kelgan, Toshkent shahar Olmazor tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika shifokori Sh.M. ning holat yuzasidan bergan tushuntirishida fuqaro S.S. karantin hududiga joylashtirilgan kundan boshlab o‘zini agressiv tuta boshlaganligini, ovqat yeyishni xohlamaganligini, virusga chalinganligini aytib u bilan birga joylashtirilgan shaxslarga kasalligini yuqtirishi mumkinligini va ular bilan birga turishni xohlamagan holda boshqa konteynerga joylashtirishlarini talab qilganligini, shundan so‘ng blokda tinchlik saqlash maqsadida S.S. boshqa xonaga o‘tkazilganligini, 16 iyun S.S. psixiatr ko‘rigidan o‘tganligini bayon qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Virusologiya markazi tomonidan taqdim qilingan yo‘llanma natijasiga ko‘ra S.S.da COVID-19 koronavirusi aniqlanmagan.
LiveBarchasi