BP Sergelidagi fojia bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
06 aprel 2023
20674O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ommaviy axborot vositalariga Sergeli tumanida ayol o‘zi va bolalarini o‘ldirgani bo‘yicha tasdiqlanmagan ma’lumotlar, shuningdek, marhuma va uning yaqinlariga oid shaxsiy axborotlarni e’lon qilmaslik bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, Sergeli tumanida ayol kishi uch nafar farzandini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Hozirgi kunda sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq holatlar yuzasidan turli ijtimoiy tarmoqlarda surishtiruvlar o‘tkazilib, vafot etgan shaxs hamda uning yaqin qarindoshlarining shaxsiy hayoti, sha’niga doir ma’lumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatib kelinmoqda.
Tarqatilayotgan ushbu ma’lumotlar tergovning ob’ektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit qilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatib o‘tamiz”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Shuningdek, bayonot so‘ngida, Bosh prokuratura ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tergov tugaguniga qadar tarmoqlarda ushbu fojiaga oid ma’lumotlarni tarqatmaslik va fuqarolar shaxsiy hayotini muhokama qilmaslikka chaqirgan.
Tergov natijasi haqida qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 aprel kuni Toshkent shahar Sergeli tumanida 27 yoshli D.A. 3 nafar farzandi bilan o‘zini 9-qavatdan pastga tashlagan edi. Oqibatda ona ham, bolalar ham voqea joyida vafot etdi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-(qasddan odam o‘ldirish) va 103-(o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi