Bojxonada 450 ming dollarlik kontrabanda mahsulotlari fosh qilindi

Jamiyat

image

Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhning kirdikorlari fosh qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shni davlatdan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara-bojxona posti orqali respublikaga kirib kelgan, qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasiga tegishli hujjatlar ko‘zdan kechirilgan. Shunda respublikadan go‘yoki tranzit tarzida o‘tayotgan mazkur yuk avtotransport vositasiga ortilgan yuklarning invoys hujjatlari 2 xil bo‘lgani aniqlangan.

Ularning biri respublikaga kirib kelishda bojxona organlariga taqdim qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unga ko‘ra avtotransport vositasiga qiymati 17 ming AQSH dollaridan oshiq bo‘lgan 2482 dona televizorlar va 200 dona issiqlik radiatorlari ortilgani qayd qilingan.

Ammo, chegaradan chiqib ketish davomida bojxona organlariga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan soxta invoysda esa issiqlik radioatorlari 100 taga kamaytirib ko‘rsatilgan, televizorlar o‘rniga esa kulolchilikda qo‘llaniladigan materiallar, ko‘rpa-to‘shaklar va turli g‘iloflar borligi aks ettirilgan.

Hujjatlardagi nomuvofiqliklarga oydinlik kiritish maqsadida mazkur yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unga 4 turdagi 2680 dona chet elda ishlab chiqarilgan televizorlar ortilgani aniqlangan. Ularning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 3 mlrd 816 mln so‘mni (454 ming 231 dollar) tashkil qilmoqda.

Demak, jinoiy guruhning hiylasiga ko‘ra respublika hududidan go‘yoki tranizt tarzida o‘tkazilayotgan mazkur televizorlar aslida ichki hududda tushirib qoldirilishi va ularning o‘rniga chiqib ketishda boshqa tovarlar ortilishi rejalashtirilgan.

Jinoiy guruh a’zolari ushbu kontrabanda maxsulotlarini respublika hududida tushirib qoldirish rejasi fosh qilinishining oldini olish maqsadida bojxona xodimlarini pora evaziga og‘dirishga harakat qilishadi va bojxona xodimlariga 9 ming AQSH dollarini pora sifatida taklif qilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, jinoiy guruhning qolgan a’zolarini ham fosh qilish va ularga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash yuzasidan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

bojxona kontrabanda

Baholaganlar

68

Reyting

1.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing