Boysundagi kondan neft sizib chiqdi (video)
3-sahifa
−
05 yanvar 13892 2 daqiqa
2025 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “M-25” koni hududida tarkibida neft saqlovchi suyuqlikning (neft suyuqligi) yer yuzasiga chiqishi holati qayd etilgan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur neft suyuqligi tarqalishining oldini olish maqsadida hudud atrofida hamda soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari barpo etilgan.
“Yig‘ib olingan neft suyuqligi uzluksiz ravishda maxsus maydonga olib chiqilmoqda. U yerda hajmi 5 000 kub metr bo‘lgan, maxsus izolyatsiyalangan 2 ta shlam hovuzi mavjud bo‘lib, u neft suyuqligini xavfsiz saqlash hamda keyinchalik undan samarali foydalanish imkonini beradi. Barcha ishlar amaldagi sanoat va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, ayni damda neft suyuqligi namunasi bo‘yicha tahlil ishlari olib borilmoqda. Uning natijalariga asosan qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, geologik tadqiqotlar esa davom etmoqda.
Hozirgi kunda holat doimiy monitoringda bo‘lib, neft suyuqligi jilovlangan. Dastlabki kunlarda chiqib kanalga oqqan neft suyuqliklarini tozalash ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “M-25” koni hududidan bir necha marotaba gaz sizib chiqqani haqida xabar berilgan edi. So‘nggi marta 2025 yilning noyabr oyi oxirida kondan gaz sizib chiqqani aks etgan videolar tarqalgandi. Energetika vazirligi videolarda aks etgan holat “M-25” konining 202-son qudug‘ida bir hafta oldin kuzatilgan geologik jarayon, ya’ni avvaldan yoqib qo‘yilgan olovning vaqtincha so‘nishi holati ekanligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi