Botir Qodirov Jo‘rayevlarni nima uchun sudga berganini aytdi
Madaniyat-san’at
−
23 aprel
77534Xonanda Shohjahon Jo‘rayev o‘zining Instagram sahifasida Botir Qodirovga tegishtirib, noo‘rin so‘zlarni yozgan. Shu sababli qo‘shiqchi marhum san’atkor Sherali Jo‘rayev oilasini sudga berishga majbur bo‘lgan. Bu haqda Qodirovning prodyuseri Asror Isaxo‘jayev QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Shohjahon Jo‘rayev bir necha oy avval Botir Qodirovga ishora qilib, noto‘g‘ri so‘zlarni yozgan va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan.
"Sen bir umr xalqim, vatanim deb birovlarning g‘ami bilan yashagan bechora otangni qabrga qo‘yganingni hazm qilolmay azoblanib, berkinib yig‘lab yurganingda va uni sog‘inganingdan kiygan kiyimlarida qolgan hidlarini hidlab, u inson bilan bir soniyaga bo‘lsa ham ko‘rishish uchun butun borlig‘ingni berishga tayyor turgan bir paytda o‘zining kimligi-yu kimdanligini bilmay o‘zidan ham shubhalanib yurgan, hayotini faqat piar uchun, birovlarning e’tiborini maddohlik qilib, soxtalik bilan qozonish uchun va eng asosiysi bir paytlar (kimligi aniq bo‘lgach, ma’lum bir vaqtgacha) non berib mardlik qilgan, seni qabr ichida yotgan otangni omma oldida obro‘sizlantirib – "Nomard" deb katta gapirgan "shoqollar" yana otangni qo‘shig‘ini aytib, o‘ynab yursalar-u, buni ko‘rib tafakkur qilmay, og‘zini ochib o‘tirgan o‘z elingdan hayron-u lol bo‘lar ekansan afsus", degan Shohjahon Jo‘rayev.
Qo‘shiqchi keyinchalik o‘chirib yuborilgan bu postini otasi Sherali Jo‘rayevning "Muxlis bevafodur", degan so‘zlari bilan yakunlagan.
Shundan so‘ng, fevral oyi boshlarida Botir Qodirov onasining sha’ni, or-nomusini va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida, otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 23 aprel kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida otalikni belgilash bo‘yicha Botir Qodirovning da’vo arizasi asosida sud majlisi bo‘lib o‘tgan edi.
LiveBarchasi