Botir Qodirov Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li bo‘lib chiqdi (video)
Madaniyat-san’at
−
11 Sentabr
37518Sherali Jo‘rayev Botir Qodirovning otasi bo‘lib chiqdi. Bu haqda sud zalidan QALAMPIR.UZ jurnalisti xabar berdi.
“Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi da’vogar Qodirov Botir Sheraliyevichni javobgarlar Jo‘rayev Shohjahon Sherali o‘g‘li va Jo‘rayev Zohirshoh Sherali o‘g‘liga nisbatan otalik tartibini belgilash haqidagi da’vo arizasini ko‘rib chiqib, qaror qiladi:
da’vogar Qodirov Botir Sheraliyevichni javobgarlar Jo‘rayev Shohjahon Sherali o‘g‘li va Jo‘rayev Zohirshoh Sherali o‘g‘liga nisbatan otalik tartibini belgilash haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilsin. Marhum 2023 yil 4 sentyabrda vafot etgan Sherali Jo‘rayev 1981 yil 5 mayda tug‘ilgan Qodirov Botir Sheraliyevichga nisbatan otalik fakti belgilansin.
1981 yil 5 mayda tug‘ilgan Qodirov Botir Sheraliyevichni Andijon shahar FHDYO bo‘limida 1983 yil 11 martda 12-son bilan qayd etilgan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining ota ustunida – Sherali Jurayev, 12.04.1945 yilda Andijon viloyati, Asaka shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek deb ko‘rsatilsin”, dedi sudya Lola O‘tanboyeva.
Uning aytishicha, hal qiluv qarori bir oydan keyin kuchga kiradi. Hal qiluv qarori ustidan u qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida yoki qonuniy kuchga kirgan va apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori ustidan u qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida kassatsiya tartibida shikoyat berilishi yoxud prokuror protest keltirishi mumkin.
“Shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tomonidan taqdim etilgan xulosalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan Adliya vazirligiga xususiy ajrim chiqaradi”, dedi sudya.
Jo‘rayevlar ishi
Botir Qodirov shu yilning fevral oyi boshlarida onasining sha’ni, or-nomusi va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Mazkur ish 15 aprel kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida sudya O‘tanboyeva tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Biroq javobgar (Zohirshoh Jo‘rayev) vakili ish bilan tanishish uchun sudni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan. Birinchi sud majlisi 23 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Bildirilishicha, sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish uchun ishni ko‘rish yana 2 mayga qoldirilgan.
Da’vo arizasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining 2023 yil 29 sentyabrdagi mutaxassis fikri ilova qilingan. Unda Halimjon Nurmatov bilan Botir Sheraliyevich Qodirovning amaki-jiyan ekanligi bo‘yicha fikr berilgan.
Botir Qodirovning o‘zi Jo‘rayevlarni sudga berganiga Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayevning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga uni haqoratlab qo‘ygan posti sabab bo‘lganini aytdi.
Gap shundaki, xonanda Shohjahon Jo‘rayev o‘zining Instagram sahifasida Botir Qodirovga tegishtirib, noo‘rin so‘zlarni yozgan. Qodirovning prodyuseri Asror Isoxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu post sababli qo‘shiqchi marhum san’atkor Sherali Jo‘rayev oilasini sudga berishga majbur bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ ushbu mavzuga oydinlik kiritish maqsadida Sherali Jo‘rayevning ukasi Halimjon Nurmatov bilan bog‘landi. Buni qarangki, u Botir Qodirov bilan amaki-jiyan ekanini aniqlash uchun DNK tekshiruvi o‘tkazilganini rad etgandi.
Xonanda Botir Qodirov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida barcha savollarga javob berib, Sherali Jo‘rayev shubhasiz uning otasi ekani, xonanda 20 yoshga to‘lgunga qadar ota-bola juda ko‘p bordi-keldi qilib turgani, onasiga bo‘lgan tazyiqlar, unda otalik faktini isbotlovchi barcha dalillar borligini aytdi.
LiveBarchasi