Bosh vazir topshirig‘i bilan buzilgan uylar o‘rnida sayilgoh emas, chiqindixona paydo bo‘ldi

Tahlil

Bundan roppa-rosa bir yil avval Toshkent viloyati,  Qibray tumani  Bo‘zsuv  kanali bo‘yida qurilgan uylar va dala  hovlilar buzilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. O‘t ketsa ho‘lu quruq birdek yonadi deganlaridek,  katakonlarning dala hovlilari qatorida bu yerda istiqomat qilayotgan mahalliy aholining uylari suv bo‘yidan 12 metr masofagacha bo‘lgan qismi buzib tashlandi. Biroq, sayilgoh bo‘lishi va’da qilingan yerlar bugun chiqindixonaga aylandi. 

QALAMPIR.UZ ushbu masala yuzasidan surishtiruv o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2018 yilning iyul oyida Toshkent viloyati, Qibray tumani, Sohil,  Olmazor elektron 2,  Sayqal,  Navqiron va Iffor ko‘chalarida qurilgan dala hovlilarda yashaydigan aholisuv bo‘yidagi yerlardan noqonuniy foydalanib kelayotganlari, kadastr hujjatlari qonunga zid rasmiylashtirilgani aniqlanib,  ularga 14 kun muddatda bu yerlarni yoki suv bo‘yiga qurilgan uylarni bo‘shatib qo‘yish haqida ogohlantirish xati beriladi.

Xalqda musichaning ham ini buzilmasin degan gap bor. Kim ham yillar davomida tejab-tergab, guldek qilib olgan uyining, boringki dala hovlisining buzilishini xohlardi... Ustiga ustak buzilishi, davlatga qo‘sh-qo‘llab topshirilishi kerak bo‘lgan maydon ham kichkina emas. Mahalladagilarni  ko‘ndirish oson kechmagan. Hukumat raisi Abdulla Aripovning o‘zi bir necha bor kelib, ular bilan suhbatlashgan. Kattakonlar aholini ogohlantirish qabilida bu yerlar 1993 yildan buyon noqonuniy egallab kelinayotganini aytishgan. Kadastr hujjatlari ham kor qilmagan. Buzish ishlari yakuniga yetgach, obodonlashtirilib, shinam sayilgoh qurilishini va’da qilingan. 

Mahalladagilardan kimdir rozi, kimlar norozi... Xullas joylar bo‘shatib berilgan. Ayrimlar hali hozirlik ko‘rmasidan, ogohlantirishsiz uyiga buldozerlar kirib kelgan. 
Xo‘sh, hududda shinam sayilgoh qurildimi? Aholi uylari buzilayotganda berilgan va’dalar bajarildimi? Shu vaqtga qadar foydalangan yerlari aslida noqonuniy ekanligini istiqomat qilganlar o‘zlari bilisharmidi?  Biz bu kabi savollar bilan aholi vakillariga yuzlandik. 

Mahalladagilarning aytishicha, bu yerlar buzilayotganda tez fursatda o‘rnida ko‘rkam va shinam bog‘, sayilgoh barpo etilishini va’da qilingan. Va’dalar esa stol ustida qolib ketdi yoki allaqachon unutildi. Ba’zan u bu mutasaddidan bu haqda so‘rab qolsangiz bormi, allambalo loyihalarni pesh qilib, boshingizga urgudek bo‘ladi. 

Bu yerlarni avvaldan bilardik. Ozoda, bahavo joylar edi. Har yili oilaviy bu yerlarga kelib bir necha kunlab dam olardik, hordiq chiqarardik. Hamyonbop edi. Xo‘sh bugunchi, bugun esa buzilishlar evaziga chang-to‘zon, kamiga kichik-kichik chiqindixonalar paydo bo‘la boshlagan. Chiqindi  va beton uyumlari bir kun kelib tog‘dek bo‘lsa ham ajabmas. Hududning sanitariya-gigiyena holatiga-ku chidab bo‘lmaydi. Aholi farzandlari bir paytlar bu yerlarda o‘ynagani, hordiq chiqarganini eslarkan, afsuslanib boshini chayqaydi. Negaki, mahallaning bolalari o‘ynashiga joy yo‘q.  Og‘riqli tomoni suv bo‘yida na bir to‘siq bor, na bir himoya vositasi. 

Vaziyatni kuzatarkanmiz, bu yerni buzib tashlaganlarga bir gapni muxtasar qilgimiz keldi. Xo‘p buzibsiz, sayilgoh qani, qachon qurasiz? Nega jajji bolakaylarning shodligini o‘g‘irlayapsiz, bunga haqqingiz bormi? O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har bir ma’ruza va chiqishlarida xalqimiz bugun baxtli yashashi kerak deya bot-bot takrorlayotgan bir paytda bu kabi bemaqsad ishlar hali ham davom etayotganini qanday tushunish kerak?

Shu kabi savollarga javob izlab Qibray tumani, “Sohibkor” MFY raisi O‘tkirbek Ahmedovga  murojaat qildik.  Shuningdek, Toshkent viloyati, Qibray tumani hokimiyatiga ham bordik. U yerda bizga tayinli javob beradigan mutasaddining o‘zi topilmadi yoki topilgani ham o‘zini tanitishni istamadi. Ismi Rustam ekanini ochiqlagan shaxs Qibray tumani hokimiyatida ishlaydi. U suhbatni yozib olishimizni istamadi va shularni ma’lum qildi:

“Men mutaxassis emasman. Bilishimcha, tuman byudjetida bu yerlarni ta’mirlash rejalashtirilmagan. Lekin, biz hokimning topshirig‘i bilan yordam beryapmiz. Buzilgan yerlarni qurishda yordam bermayapmiz, aksincha, ularni qurib beryapmiz. Hokimiyat majbur emas, lekin bu bizning yuzimiz – shu yerlar obod bo‘lsin, deb harakat qilyapmiz.   Bosh vazir kelib har bir xonadonga kirib, uyma-uy aholi bilan suhbat qilganlar. O‘shanda suvdan 25 metrgacha joyni buzish aytilgan lekin ko‘pchilik bilan maslahat qilib 12 metr, deb belgilangan.  Bu davlatning yeri, uni o‘z kuchimiz bilan o‘zimiz to‘g‘rilayapmiz. Odamlar o‘zining chegarasiga javob bersin. Orqa taraf bilan ishi bo‘lmasin. Bolalari hovlisida o‘ynasin, tashqariga chiqishmasin".  

Shu kungacha suvni ifloslantirishdi, kanalizatsiyani suvga ulab qo‘yishdi. Ancha vaqtdan  buyon ishlar olib borilyapti, shu holga o‘zimiz keltirdik, aholidan birortasi chiqib bitta tosh qo‘ymadi. Davlat necha yil shu joylardan foydalanishga ularga imkoniyat  berdi, endi qaytarishsin.

Soliq to‘lagan bo‘lsa, foydalangani uchun to‘lagan, siz maydon kattaligini inobatga oling. U yerlarni to‘g‘rilashga milliard-milliard pul ketadi.  Siz uylarni ko‘rdingizmi, hamma hashamatli hovlilar suv bo‘yiga qurilgan.  Shuncha yil foydalangani uchun ham o‘z atroflarini obod qilishsa bo‘ladi-ku.  

Qibrayga yo‘limiz tushib, nafaqat hududlarda, balki hokimiyat binosida ham qurilish va ta’mirlash ishlari bo‘layotganiga guvoh bo‘ldik. Fikr tug‘ildiki, qibrayliklarga avval bittasini bitirib, keyin ikkinchisini boshla, degan ibora begona. U qurilishda ham, bunisida ham ishlar o‘lda-jo‘lda. To‘g‘ri, hokimiyat vakilining gaplarida jon bor. Aholi yerlarda noqonuniy va sanitariyaga rioya qilmay foydalanib kelgandir. Lekin, ulardan yerlar tortib olingach, vaziyat yaxshilandimi yo o‘sha joylar obod bo‘ldimi? Va’dalar berilaveradi, ammo bajarishga kelganda... Ana shunday mutasaddilarga aytar so‘zimiz, bizga amalga oshmaydigan loyihalar emas, amaliy ish, aholiga esa qulaylik, baxt, xotirjamlik kerak. Xullas savollarimiz ochiqligicha qoldi. Nima ham derdik, mas’uliyat haqida kimdir unutsa, va’dalarini bajarmasa... Janob mutasaddilardan savollarimizga javobni kutamiz.

Ushbu lavhani yuqoridagi slayderda va YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov Bosh vazir Qibray tumani

Baholaganlar

47

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing