Janubiy Koreyada Bosh vazir muvaqqat rahbar etib tayinlandi
Olam
−
04 dekabr
7013Janubiy Koreya Bosh vaziri Xan Doksu ko‘plab iste’folar va Prezidentning iste’foga chiqishiga chaqiriqlar kuchayib borayotganidan keyin muvaqqat rahbar etib tayinlandi. Bu haqda SNN xabar berdi.
U Vazirlar Mahkamasini nazorat qiluvchi Bosh vazir sifatida hozirgacha bo‘lgan barcha voqealar uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu paytdan boshlab Vazirlar Mahkamasi mamlakat barqarorligi va odamlarning kundalik hayotiga ta’sir qilmasligini ta’minlash bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarishi kerak.
Oltita muxolifat partiyasi Prezident Yun Sok Yolning qisqa muddatli harbiy holat to‘g‘risidagi farmoniga siyosiy doirada, shu jumladan, o‘z partiyasi ichida ham keng tarqalgan norozilikdan so‘ng impichment e’lon qilishga kirishdi.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, impichment taklifiga ovoz berish parlamentning yalpi majlisida ko‘rib chiqilganidan so‘ng 24-72 soat ichida o‘tkazilishi kerak. Majlis 5 dekabrga o‘tar kechasi o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu shuni anglatadiki, impichment bo‘yicha ovoz berish 6 yoki 7 dekabr kunlari o‘tkaziladi. Prezidentga impichment e’lon qilish haqidagi taklifni 191 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan.
Janubiy Koreya Milliy Assambleyasida (parlamentda) jami 300 ta o‘rin mavjud bo‘lib, ulardan 108 tasi Prezidentning “Fuqarolik kuchi” partiyasi nazoratida. Impichment e’lon qilish uchun deputatlarning uchdan ikki qismining ovozi talab etiladi. Agar tashabbus zarur ovozlarni to‘plasa, masala Konstitutsiyaviy sudga yuboriladi. Sudning 9 nafar sudyasidan kamida 6 nafari prezidentni lavozimidan chetlatishni qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Konstitutsiyaviy sud masalani ko‘rib chiqayotgan davrda prezidentning vakolatlari to‘xtatiladi va uning vazifalarini bosh vazir bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol ma’muriyati rahbariyati harbiy holatning kiritilishi va bekor qilinishi bilan bog‘liq vaziyat fonida bir vaqtning o‘zida iste’foga chiqqani haqida xabar berilgandi. Iste’foga chiqqanlar orasida Prezident ma’muriyati rahbari Chung Jin Suk, Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Sin Vonsik va Siyosat bo‘yicha shtab boshlig‘i Son Tae-Yun, shuningdek, yana yetti nafar katta yordamchi bor.
LiveBarchasi