Bosh vazir Ortiqxo‘jayevga tegishli Akfa, Artel va Crafers shirkatlari haqida gapirdi (video)
Jamiyat
−
13 yanvar 2020
47560Avvalroq, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tgani, Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etgani haqida xabar bergan edik. Hukumat raisi Toshkent shahar hokimi lavozimiga ko‘rsatilgan Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodini tasdiqlash yuzasidan kiritilgan taqdiqnomani o‘qib eshittirdi.
Abdulla Aripov so‘zida davom etarkan, Jahongir Ortiqxo‘jayevning shaxsiga, iqtidor va imkoniyatlariga to‘xtaldi.
“Jahongir Ortiqxo‘jayev – yetuk rahbar. Zamonaviy menejer. Zamonaviy fikrlaydigan, ishni zamonaviy tashkil qila oladigan, istiqbolni ko‘ra biladigan rahbar. Bu kishining rahbarligida zamonaviy Toshkentning yangi qiyofasi paydo bo‘la boshladi. Qurilgan bino inshootlar qisqa muddatda va juda yuqori sifatda amalga oshirilgani, albatta, tahsinga sazovor. Odatda tez muddatda qurilgan bino ma’lum muddat o‘tgandan keyin yana quruvchilarni jalb qilib, ta’mirlanadi. Lekin Jahongir Obidovich ishtirokida yoki rahbarligida qurilgan binolarni kimdir borib tekshirishi yoki ketidan borib kamchiliklarini to‘g‘rilashning keragi yo‘q. Chunki, u har bir qilayotgan ishini mukammal darajada bajarishga o‘rgangan odam”.
Bosh vazir so‘zida davom etarkan, qo‘shni respublikalar, qolaversa, MDH mamlakatlarida Ortiqxo‘jayevga tegishli shirkatlar tomonidan ishlab chiqarilgan maishiy texnikalarda foydalanilayotgani, u rahbarlik qilayotgan korxona ishlab chiqarayotgan qandolat mahsulotlari jahon bozoriga yetkazib berilayotganini qayd etdi.
“O‘z vaqtida Jahongir Obidovich rahbarligida tashkil etilgan Artel brendi ostidagi maishiy texnikalarni Ozarbayjondagi mehmonxonalarning xonalarida turganini ko‘rishganini kelib aytib berishdi. Nafaqat Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiyada ham... Muhtaram Prezidentimiz topshiriqlari bilan Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga borganimizda, hamma reklamalar arab alifbosida yozilgan bo‘lsa, lotin alifbosida yozilgan uchta reklamani ko‘rdim. U ham bo‘lsa Akfa, Artel va Crafers’ning reklamasi edi. Qaysi sohaga qarasangiz Jahongir Obidovich hammasini a’lo darajada bajargan”, deydi Bosh vazir Abdulla Aripov.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlangach, o‘ziga tegishli shirkatlar faoliyatiga boshqaruviga aralashmayotgani, o‘z vakolatlarini boshqalarga topshirib, qonunga to‘la mos ravishda faoliyat yuritayotganini aytgandi.
LiveBarchasi