Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish mutlaq Oliy Majlisga o‘tkazilyapti

Olam

image

O‘zbekistonda Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazilmoqda. Bu haqda bugun, 9 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida deputat Jahongir Shirinov so‘z ochdi. 

Uning qayd etishicha, Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin Prezident Bosh vazirni lavozimga tayinlaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, Bosh vazir nomzodini ilgari surish faqat Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p ovoz olgan partiya irodasiga bog‘lab qo‘yilgan edi. Yangi taklif etilayotgan tartib orqali esa barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishdagi ishtiroki ta’minlanadi.

Shirinovning qayd etishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni” loyihasi bilan parlament vakolatlari kuchaytirilmoqda. Bunda, Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari, har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda. Jumladan, agar amaldagi Konstitutsiya bo‘yicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta bo‘lsa, loyihaga asosan ularning soni 12 taga yetmoqda. 

Xususan, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanadigan Qonunchilik palatasiga o‘tkazilmoqda. 

“Bu o‘zgartish quyi palataning vakillik tabiatiga mos keladi hamda uning faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi”, deydi deputat Jahongir Shirinov.

Shuningdek, Senatning mutlaq vakolatlari ham amaldagi 14 tadan – 18 taga oshirilmoqda. Jumladan, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi muhim vakolati Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qolaversa, davlat hokimiyati tizimida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni ta’minlash prinsipidan kelib chiqib, vazirliklar va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlash vakolatini ham Senatga o‘tkazish taklif etilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh vazir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing