Bosh vazir qochib ketgach Bangladesh parlamenti tarqatib yuborildi
Olam
−
06 avgust
3472Bangladesh Prezidenti Shahabuddin Chuppu Bosh vazir Shayx Hasinaning iste’foga chiqishi ortidan muvaqqat hukumat tuzish uchun Dakkadagi parlamentni tarqatib yubordi. Bu haqda bugun, 6 avgust kuni Bangladesh Prezidenti idorasi xabar berdi.
“Prezident bilan Qurolli kuchlarning uch bo‘limi rahbarlari, turli siyosiy partiyalar yetakchilari, fuqarolik jamiyati vakillari va “Talabalar kamsitishlarga qarshi” harakati yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha qaror asosida milliy parlament tarqatib yuborildi”, deyiladi Prezident idorasi xabarida.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda talabalar noroziliklari yetakchisi Nahid Islom 2006 yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureati, iqtisodchi Muhammad Yunusni muvaqqat hukumat rahbari etib tayinlashni taklif qilgan. U talabalar vaqtinchalik hukumatining bosh maslahatchisi bo‘lishga rozi bo‘lgan va hozir xorijda, lekin imkon qadar tezroq Bangladeshga yetib borishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasina keng ko‘lamli namoyishlar fonida harbiy vertolyotda Hindistonga uchib ketgandi.
Zumrad Zaripova
LiveBarchasi