Bosh vazir Aripov koronavirus masalasida yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
29 yanvar 2020
10503Ma’lumki, 2019 yil oxirida Xitoyning Uxan shahrida tarqalgan koronavirus ayni vaqtda butun dunyoga xavf solmoqda. Koronavirus qurbonlari soni soat sayin ortib boryapti. Bir kun ichida 2019-nCoV virusi sabab o‘lganlar soni 26 nafarga ko‘payib, 132 nafarga yetdi. Kasallanganlar esa 6052 nafarni tashkil qilmoqda. Ayni vaqtda ushbu virus to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy yoki qo‘shni respublikalar orqali O‘zbekistonga kirib kelishi xavfi mavjud.
Kecha, 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoyda tarqalayotgan yangi turdagi koronavirus O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish masalasida yig‘ilish o‘tkazgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevga asoslanib vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
“O‘zbekistonda hali bittayam holat bo‘lmagan. Kecha Bosh vazir tomonidan komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi. Har bir idora va tashkilotlar, shu jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Chegara qo‘shinlariga topshiriqlar berildi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Uning aytishicha, hozircha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus qayerdan kelib chiqqani haqida aniq xulosaga kelmagan.
“Bitta narsani bilishimiz kerak: koronavirus – havo tomchi yo‘li bilan yuqadigan infeksiya. Aksirganda, yo‘talganda bir-biriga o‘tuvchi, odamdan odamga o‘tishi mumkin bo‘lgan infeksiya. Gripp bilan taqqoslasak, grippga o‘xshagan havo tomchi infeksiyasi. Alohida ta’kidlashim kerak, grippda o‘lim holatlari 2-4 foizni tashkil qiladi. Bu yerda ham [koronavirusda] o‘lim holatlari umumiy kasallanganlarga nisbatan 2-4 foizni tashkil qiladi.
Bu infeksiya bilan kurashishimiz mumkin. Birinchi navbatda gigiyena talablari, qoidalarini bilishimiz va rioya etishimiz kerak. Bu degani, shamollagan odam niqob taqishi yoki uni alohidalash kerak. Tegishli dorilarni berib, simtomatik davolanadi. Bu davolanadigan kasallik”, deydi Bahodir Yusupaliyev.
U aholini vahimaga tushmaslikka chaqirib, virus O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish uchun yetarli choralar ko‘rilganini bildirdi.
“Chegaradagi sanitar-karantin punktlarining faoliyati nazoratga olingan. Har bir punktga infeksionist biriktirilgan. Tegishli teplovizor bilan kirib kelayotganlarning tana harorati ko‘tarilgan-ko‘tarilmaganini bilamiz. Shundan kelib chiqib, birinchi tadbirlarni amalga oshirishimiz mumkin bo‘ladi.
Keyingi masala, har bitta tibbiyot muassasasida zaxira o‘rinlar, dori-darmonlar tayyorlab qo‘yilgan”, deydi SSV mulozimi.
LiveBarchasi