Bosh sovrini Spark bo‘lgan mukofot ta’sis etildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bosh sovrini Spark avtomobili bo‘lgan “Ilhom” mukofoti ta’sis etildi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, “Ilhom” mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Mukofot shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini o‘rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o‘tkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan yoshlarga beriladi.

Mukofot uchun tanlovni yuqori saviyada o‘tkazishga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ul hisoblanadi. Tanlovda respublikadagi barcha OTM ishtirok etishi mumkin.

Tanlov ikki – dastlabki saralash va asosiy tanlov bosqichlarida o‘tkaziladi.

Dastlabki saralash bosqichida nomzodlar OTM miqyosida test savollari orqali saralanadi.

Test savollari milliy adabiyotning durdona asarlari, adib va mutafakkirlarning boy ma’naviy merosi, shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodini qamrab oluvchi 50 ta savoldan iborat bo‘ladi.

Test natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan 3 nafar nomzod OTM rektorining taqdimnomasi asosida keyingi bosqichda ishtirok etishi mumkin. OTMda saralangan nomzodlarning hujjatlari rasmiylashtirilib, har yili 15 aprelga qadar tanlovni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga taqdim etiladi.

Tashkiliy qo‘mita tomonidan 1 oy davomida taqdim etilgan ishlarning ijtimoiy ahamiyati, mavzuning yoritilishi, talqinning o‘ziga xosligi, asarning badiiyligi bo‘yicha har bir talab 5 ballik tizimga binoan baholanadi.

Tanlov g‘oliblari quyidagicha taqdirlanadi:

•    1-o‘rin uchun – Spark avtomobili, maxsus diplom va statuyetka;
•    2-o‘rin uchun – 30 mln. so‘m pul mukofoti, maxsus diplom va statuyetka;
•    3-o‘rin uchun – 15 mln. so‘m pul mukofoti, maxsus diplom va statuyetka.

Mukofot bilan taqdirlash har yili Adiblar xiyoboni ochilgan kun – 20 mayda “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Spark Ilhom mukofoti

Baholaganlar

132

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing