Nig‘matilla Yo‘ldoshev qidiruvdagi shaxslar bilan uchrashgani aytildi. Bosh prokuratura munosabat berdi (video)
3-sahifa
−
26 aprel
20191Internetda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev firibgarlikda ayblanib, qidiruvga berilgan Sherali va Abduvali Abdullayevlar bilan gaplashib turgani haqidagi videoyozuv hamda ular tez orada oqlanishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura bunga raddiya bildirib, videodagi shaxslar qidiruvdagi odamlar emasligini ta’kidladi.
Bildirilishicha, 2024 yilning 2-4 yanvar kunlari Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev mehnat ta’tili davrida salomatligini tiklash maqsadida o‘z hisobidan Turkiya Respublikasiga borib, “Medipol Mega” tibbiyot klinikasida davolanish muolajalaridan o‘tgan. Turkiyada unga avvaldan tanishi bo‘lgan Azim Jo‘raboyev (videoda qora rangli kurtkada turibdi) hamrohlik qilgan.
"Bosh prokuror Azim Jo‘raboyev bilan klinikada gaplashib turgan vaqtida, ularning oldiga asli familiyasi Sobirjanov (xabarda Sherali Abdullayev deb ko‘rsatilgan) bo‘lgan Sherali ismli shaxs kelib, o‘zini tanishtiradi. Shu vaqtda ular klinikaga kelishi sabablari haqida suhbatlashishadi. Sherali Sobirjanov klinikaga o‘zining farzandini davolanishga olib kelganligini aytib, Bosh prokurorni tanib qolgani uchun ular bilan hamsuhbat bo‘lishga yonlariga kelganini tushuntiradi. Shunday qilib, videoda Bosh prokuror yonida turgan ikki shaxsning biri Sherali Sobirjanov bo‘lsa, ikkinchisi Abduvali Abdullayev emas, balki Azim Jo‘raboyev bo‘lgan", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Abduvali Abdullayev tomonidan 2018 yil 10 may kuni “Baxmal Juice Master” MCHJga bankdan 1,1 mln AQSH dollari miqdorida kredit olinib, kredit qarzdorligining 633 ming AQSH dollari qasddan qoplanmaganligi oqibatida, garovdagi “O’zengilulgurjisavdo” MCHJga tegishli mulk (ma’muriy bino) bank tasarrufiga o‘tib ketganligi bois, jamiyat manfaatiga katta miqdorda zarar yetkazilgan.
“O’zengilulgurjisavdo” MCHJ ta’sischilarining arizasiga asosan, 2021 yil 25 yanvar kuni Abduvali Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi Abdullayevga jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari ayblanuvchi qayerda ekani noma’lum bo‘lganligi sababli vaqtincha to‘xtatilgan.
"O‘z o‘rnida ta’kidlash kerakki, jinoyat ishi doirasida Abduvali Abdullayevning o‘g‘li – Rahmatilla Abdullayev ham ayblanuvchi (Jinoyat kodeksining 168, 233, 184-moddalari bilan ayblov xulosasi tuzilgan) sifatida jalb qilingan. 2022 yil 13 iyundagi Yakkasaroy tuman sudining hukmiga ko‘ra, Rahmatilla Abdullayev Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan aybli deb topilgan va unga jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 168 va 233-moddalari bilan esa aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilingan", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 sentyabrdagi ajrimi bilan yuqoridagi sud hukmi o‘zgarishsiz, Yakkasaroy tuman prokurorining apellyatsiya protesti va shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 28 fevraldagi ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 sentyabrdagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan (ish Toshkent shahar prokurorining protesti va fuqaroviy da’vogarning shikoyati asosida ko‘rilgan).
Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 26 iyundagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilinib, Rahmatilla Abdullayev Jinoyat kodeksning 168 va 184-moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 26 iyundagi hukmi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
LiveBarchasi