Bosh prokurorning bozorlarga qadami qutlug‘ keldi: go‘sht narxi 55 ming so‘mga tushib ketdi
Jamiyat
−
24 dekabr 2020
17227O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshlig‘i Dilshod Raximov bugun Toshkent shahrining “Mirobod”, “Askiya”, “Chilonzor”, “Farhod” va “Eski jo‘va” dehqon bozorlarida bo‘lib mavjud ahvol bilan yaqindan tanishishdi. Bu haqdagi xabarlar va suratlar Bosh prokuraturaning ijtimoiy tarmoqlardag sahifasida tarqatildi.
Suratlarda Bosh prokuror bozor rastalarini ko‘zdan kechirganini ko‘rish mumkin. Suratlarda anglashilishicha, Bosh prokuror borgan bozorlardan birida 1 kg mol go‘shti 55 ming so‘mdan sotilyapti. Bu o‘sha muzlatgichda namoyishga qo‘yilgan sifatli, lahim go‘shtning narximi yo boshqasining, bunisi bizga qorong‘i.
Bosh prokuraturadan qayd etishlaricha, davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida rastalarni mahsulotlar bilan to‘ldirish, dehqon bozorlari va yirik savdo ob’ektlarida yarmarkalar tashkil etish, ularga mahsulotlarni arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish borasida ishlar ahvoli Bosh prokuror tomonidan joylarga chiqqan holda tizimli ravishda o‘rganilmoqda.
Yuqori nomlari keltirilgan bozorlarda, boshqa barcha hududlardagi kabi Yangi yil bayrami munosabati bilan arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari tashkil etilgan.
Jumladan, o‘rganilgan 5 ta bozordagi narx-navoning barqarorligini ta’minlash uchun jami 15 nafar prokuratura va departament organlarining xodimlari biriktirilgan.
“Yarmarkalarga Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarining 50 ta fermer va dehqonlari hamda qariyb 100 nafar ulgurji savdo hamda ishlab chiqarish korxonalari nomma-nom biriktirilib, ularga 350 ta rasta ajratilgan.
Ushbu dehqon bozorlarida hafta boshidan buyon 2 586 tonna 30 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda sotilgan bo‘lib, 267 tonna go‘sht, 7 mln 600 ming donadan ortiq tuxum, 722 tonna kartoshka, 160 tonna shakar, 136 tonna guruch aholiga hamyonbop narxda yetkazib berilishi ta’minlangan.
Bundan tashqari, baliq, konserva, salqin va spirtli ichimliklar, sut mahsulotlari, mevalar, shu jumladan, sitruslar hamda turli shirinliklar savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Ichki iste’mol bozorida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlanishi hamda belgilangan vazifalarni tizimli ravishda davom ettirish to‘g‘risida Bosh prokuror tomonidan mas’ullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
LiveBarchasi