Bosh prokuror hokimliklar xodimlarining kirdikorlarini fosh etdi

Jamiyat

image

Bugun, 7 noyabr kuni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligida korrupsiya holatlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Bosh prokuror Yer ajratish va undan foydalanishda korrupsiya, tanish - bilishchilik, oshna - og‘aynigarchilik holatlari mavjudligi haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyatida qisqa muddatda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 21.493 gektar yerni noqonuniy muomalaga qaratish bilan bog‘liq qonunga zid qarorlar qabul qilingan.

“Misol uchun,  Jondor tuman hokimi 2020 yil 16 maydagi qarori bilan o‘rinbosarining yaqin qarindoshiga 100 gektar yer maydonini chorvachilik yo‘nalishida, garchi yetarli chorvasi bo‘lmasada, noqonuniy ajratib bergan.

Yer ajratish jarayonlarida korrupsiyaviy jinoyatlari uchun so‘nggi ikki yilda hokimliklarning 22 nafar mas’ul xodimi javobgarlikka tortilgan”, dedi Bosh prokuror.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, Arnasoy tuman hokimining o‘rinbosari S. “Oqqush halol parranda” jamiyati rahbari J.ga 10 gektar yer ajratib berish evaziga 
13 ming dollar talab qilib, 2 ming dollar olganida qo‘lga tushgan. 

Bundan tashqari, yer ajratib berish evaziga Yunusobod tuman hokimi o‘rinbosari Z. 5 ming, Buvayda tuman hokimi o‘rinbosari D. 20 ming, Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi uy - joy shirkatlari uyushmasi raisi A. 35 ming dollar olganligi uchun qonun oldida javob bergan. 

Ayrim xodimlar tadbirkorlarga yordam berish o‘rniga, ulardan ta’magirlik qilib, pul undirayotganligi tashvish bilan ta’kidlandi.

“Misol uchun, Surxondaryo viloyat hokimligi bo‘limi boshlig‘i I. Sho‘rchi tuman hokimligi bosh mutaxassisi T. orqali tadbirkor B.dan 1 mlrd. so‘m imtiyozli kredit olishida yordam berganligi uchun 2 ming dollarni talab qilib olgan”, dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Bo‘sh binolarni tadbirkorlikka jalb qilish borasida ham turli qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilmoqda. 

“Misol uchun, Andijon viloyat hokimligi mutaxassisi Q. muqaddam sudlangan A. va M. bilan til biriktirib, soxta hujjatlar bilan  Shahrixon tuman Silga qarshi kurashish dispanseri binosini “nol” xarid qiymatida qo‘lga kiritgan. 

Keyinchalik binoda hech qanday tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymasdan, binoni buzib, qurilish materiallarini 760 mln. so‘mga sotib yuborgan”, dedi Bosh prokuror.


Maqola muallifi

Teglar

prokuratura hokimlik

Baholaganlar

376

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing