Bosh prokuraturaga qarshi ochilgan ish bo‘yicha ma’lumot berildi
Jamiyat
−
03 noyabr 2021
14546Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining yurak xurujidan vafot etgan jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi prokurori Samir Rahmonovning otasi o‘g‘lining oilasiga qonuniy nafaqa puli to‘lanmayotgani uchun sudga da’vo kiritgani haqida xabar bergan edik.
Toshkent shahar sudlari Samir Rahmonovning otasi ochgan da’vo bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, da’vogar A.Rahmonov joriy yilning 3 avgust kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli undirish haqidagi da’vo arizasi hamda ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi qo‘shimcha da’vosi bilan murojaat qilgan.
Fuqarolik ishi sud majlisida ko‘rib chiqilishi 2021 yil 24 avgust kuniga tayinlangan. Shu kungi sud majlisida taraflar va ularning vakillari ishtirok etib, o‘z vajlarini keltirib, da’vogar tomonidan ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida qo‘shimcha da’vo talabi kelib tushgan. Mazkur qo‘shimcha da’vo yuzasidan fuqarolik ishi doirasida Bosh prokuratura tomonidan hujjatlar taqdim etilishi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda mehnat huquq inspektorini uchinchi shaxs sifatida jalb etilishi sababli sud majlisi 6 sentyabrga qoldirilgan.
Shu kungi sud majlisida mutaxassis sifatida jalb etilgan BTPJ Yashnobod tuman bo‘limi vakili va mehnat huquq inspektori kelmaganligi bois sud majlisi 2021 yil 17 sentyabrga qoldirilgan.
Sudning 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogar A.Rahmonovning da’vosi va qo‘shimcha da’vo arizasi rad qilingan.
Da’vogar A.Rahmonov mazkur hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ushbu shikoyat Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqiladi.
LiveBarchasi