Bosh prokuratura jinoyatchilikda ayblanayotgan bloger ishi bo‘yicha bayonot berdi

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashab, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur ish bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov davomida sudning ajrimi bilan Otabek Sattoriyga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bugungi kunda tergov organiga 7 ta holat bo‘yicha Otabek Sattoriyning xatti-harakatlari ustidan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, hozirda ushbu holatlarga tergov yo‘li bilan oydinlik kiritilmoqda.

Jinoyat ishining qo‘zg‘atilishi qonuniyligi o‘rganilganda, viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanmadi.

Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Ma’lumot tariqasida: Otabek Sattoriy Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40 (Tuhmat), 41 (Haqorat qilish), 202-2-modda (Yolg‘on axborot tarqatish) lari bilan aybli deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Bunga uning 2021 yil yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda “Denov ko‘mir ombori” hamda Termiz shahridagi hayvonot bog‘i xodimlari mulklarni o‘zlashtirish va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etganliklari haqida haqorat va tuhmatlardan iborat yolg‘on axborot tarqatganligi sabab bo‘lgan.

Avvalroq, IIV blogerga ochilgan jinoyat ishi yuzasidan murojaat bilan chiqib, qonun ustuvorligi haqida bong urayotgan ijtimoiy tarmoq faollaridan mamlakat qonunchiligini hurmat qilishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Sattoriy

Baholaganlar

421

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing