Bosh Prokuratura do‘pposlangan o‘quvchi qiz haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
13 dekabr 2020
15845Kecha, 12 dekabr kuni Toshkentdagi 103- sonli yordamchi maktab-internatida o‘quvchi qiz kaltaklangani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 11 dekabr kuni fuqaro K.Z. Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, unda aqli zaif, voyaga yetmagan qizi maktab-internatidan tan jarohatlari bilan kelganini ma’lum qilgan va aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ma’lumotnomasiga ko‘ra, voyaga yetmagan qiz tanasida “O‘ng yelka sohasi va o‘ng ko‘krak sohasi, o‘ng ko‘krak sohasi ostki qismlari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi hamda ko‘karishi” kabi tan jarohatlari borligi aniqlanib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va tegishli davo choralari tavsiya qilingan.
Shu bilan birga, voyaga yetmagan qizning tanasidagi jarohatlarining kelib chiqish mexanizmi va og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid ekspertiza tayinlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi