Boltiqbo‘yi davlatlari Gruziyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashi mumkin
Olam
−
02 dekabr
1950Boltiqbo‘yi davlatlari Gruziyadagi norozilik namoyishlarini bostirish tashkilotlariga qarshi sanksiyalar qo‘llashi mumkin. Bu haqda Litva Tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergisga tayanib TACC ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uch Boltiqbo‘yi davlati namoyishlarni bostirish tashkilotlariga qarshi choralar ko‘rishga kelishib olgan. Shuningdek, TIV rahbari Boltiqbo‘yi mamlakatlarida “demokratiyaga qarshi va inson huquqlarini poymol qiluvchilar” yo‘q ekanini ta’kidlagan.
Kecha, 1 dekabr kuni Litva Prezidenti Gitanas Nauseda Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili bilan telefon orqali muloqot qilgan. Nausedaning aytishicha, Gruziya hukumatining qarorlari mamlakat Prezidenti va jamiyatning aksariyat qismi orzu-istaklariga mos kelmaydi.
“Gruziyada o‘tkazilgan parlament saylovlari to‘liq erkin va adolatli bo‘lmadi. Shu sababli, saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklar, saylovchilarga nisbatan bosim o‘tkazish va qo‘rqitish holatlari yuzasidan mustaqil xalqaro tergov o‘tkazish zarur”, deya ta’kidlagan Litva Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida so‘nggi kunlarda namoyishchilar harakatlari oqibatida 100 dan ortiq huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jarohatlandi, 200 dan ortiq namoyishchi qo‘lga olingan. 1-2 dekabr kunlari namoyishchilarning zo‘ravonlik harakatlari oqibatida 21 nafar IIV xodimi jabrlangan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Namoyishlarda umumiy 113 nafar IIV xodimi jabrlangan, ulardan to‘rt nafari hanuz klinikada qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 noyabr kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” hukmron partiyasi 2028 yil oxirigacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar ochilishi masalasini kun tartibiga qo‘ymaslik va Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etiladigan barcha byudjet grantlaridan voz kechish qarorini qabul qilgani haqida ma’lumot bergandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi