Bolgariya yaqinida savdo kemasi dronlar zarbasidan cho‘kib ketdi
Olam
−
09:37 865 2 daqiqa
Bolgariya qirg‘oqlari yaqinidagi Qora dengizda ikkita savdo kemasi dronlar hujumiga uchrab, ulardan biri cho‘kib ketdi, ekipaj a’zolari esa bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujum kecha, 6 oktyabr kuni Bolgariyaning NATO hududidagi iqtisodiy zonasida, Byala shahri sohillaridan taxminan 130 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Kemalarga havo va dengiz dronlari orqali zarba berilgan.
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev hujumni xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha dronlar Rossiya yoki Ukrainaga tegishli ekani aniq emas.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa hujum ortida Rossiya turganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina kuchlari ushbu hududda hech qanday harbiy operatsiya olib bormagan.
Hujum oqibatida ikki kema shikastlangan. Don ortayotgan kemadagi ekipaj qutqarilgan, ikki kishi jarohatlangan. Togo bayrog‘i ostida suzgan ikkinchi kema esa cho‘kib ketgan. Unda qancha ekipaj a’zosi bo‘lgani hozircha noma’lum.
Hodisa joyida bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, dengizga zararli moddalar sizib chiqishi ehtimoli ham tekshirilmoqda.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, hujum Rossiya tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Moskva esa hodisa yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Bolgariya rahbari urush davom etishi mojaroning geografik jihatdan kengayishi va global to‘qnashuv xavfini oshirishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ham hujumni qoralab, savdo kemalari va tinch ekipajlar nishonga olinayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qora dengizda dron zarbasiga uchragan Turkiyaning “Royad Mammadov” kemasi cho‘kib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi