Bolalarni maktabga qabul qilishda korrupsiyaga nima sabab bo‘layotgani aniqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bolalarni maktabga qabul qilish bosqichida asosiy korrupsiyaviy xavf-xatar mikrohududlarning kvota tizimi, maktab binosining yetishmasligi bo‘lib turibdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ota-onalar va o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra ma’lum qildi.

So‘rovnoma shaklida o‘tkazilgan tadqiqot O‘zbekistondagi 114 ta maktabdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va maktab direktorlarini qamrab olgan. Xususan, aprel oyida Toshkent shahridagi ikkita maktabda uch toifa respondentlar o‘rtasida so‘rovlar tashkil etilgan. May – iyun oylarida esa 14 ta viloyatdagi 114 ta maktabda kengaytirilgan so‘rovlar o‘tkazilgan. Shundan 28 tasi shahar, 31 tasi tuman markazi, 31 tasi qishloq aholi punktidan iborat.

So‘rovnomada jami 4 920 nafar respondent, shu jumladan, 114 nafar maktab direktori, 1 563 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, 3 243 nafar ota-ona ishtirok etgan. To‘plangan barcha ma’lumotlar tizimlashtirilgan va tahlil qilingan. Natijada uch toifa respondentlar – boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari va direktorlar, umuman, maktabga qabul jarayonida bevosita qatnashuvchilar orasida kasbiy etikaga zid, shuningdek, korrupsiyaviy xatti-harakat omillari va qator faktlar aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, so‘rovnoma ishtirokchilarining javoblari asosida korrupsiyaviy xavflar yoki nohalollik omillari bo‘lgan umumiy tendensiyalar aniqlab olingan. Bu tendensiyalar boshlang‘ich maktabga qabul jarayoni va ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan. Ular asosan, mikrohududlarning kvota tizimi, maktab binosining yetishmasligi (sinflarda o‘quvchilar soni me’yoridan oshib ketishi), 1-sinfga qabul qilishda ta’lim tili bo‘yicha aniq talablar yo‘qligi, ta’lim sifati pastligi kabi muammolar bilan bog‘liqligi aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, so‘rovda qatnashgan har beshinchi ota-ona maktabda joy qolmagani uchun o‘zi yashaydigan mikrohudud kvotasi bo‘yicha farzandini joylashtira olmagan. O‘qituvchilar tomonidan sinflarda o‘quvchilar sonining me’yoridan oshib ketishi holati bo‘yicha eng ko‘p e’tiroz Namangan viloyatidan (52 foiz), Andijon viloyatidan (37,5 foiz), Toshkent viloyatidan (29 foiz), Xorazm viloyatidan (26 foiz) bildirilgan.

Shu bilan birga muammolarning aksariyati byudjet mablag‘larining yetarli emasligiga borib taqalmoqda. Bu, o‘z navbatida, ota-onalarning norasmiy to‘lovlarni amalga oshirishiga, o‘qituvchilar va direktorlarning etikaga zid harakat qilishlariga sabab bo‘lmoqda. Yana bir tendensiya maktab ta’minoti, uning infratuzilmasi, maktab xodimlarining oylik maoshi kamligi, malakali kadrlar yetishmasligi, bolalar maktabga qabul qilinayotganda psixologik jihatdan tayyor emasligi, shuningdek, ota-onalar, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan o‘qituvchi yoki direktorga ta’sir va bosim o‘tkazish masalalarini qamrab olgan.

Qayd etilishicha, tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan tavsiyalar hamda tadqiqot metodologiyasi Xalq ta’limi vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

53

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing