Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy tajovuzga uchragan qiz bilan uchrashdi
3-sahifa
−
17 noyabr
9559Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holatini o‘rgandi va ushbu zo‘ravonlikning qurboni bo‘lgan o‘quvchi qiz bilan uchrashdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.
Bolalar ombudsmani dastlabki tergov bosqichida jabrlangan qizning protsessual huquqlari qanday ta’minlanganini o‘rgandi. Tergovda bolaning qonuniy vakili, o‘qituvchisi va advokatining ishtirokiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, Surayyo Rahmonova tergovchilarga qizning ishtirokidagi tergov va protsessual harakatlarning bola uchun do‘stona o‘tkazilishi va qo‘shimcha travmatik tarzda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka oid tavsiyalar bergan.
Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil voyaga yetmagan bola bilan, shuningdek, uning onasi bilan yakka tartibda uchrashgan. Ayni paytda jabrlanganlarga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatishga kirishilgan.
Qizning onasi bilan suhbat davomida ayol OAV vakillari va jamoatchilikdan ushbu jinoyat tafsilotlarini e’lon qilmaslikni so‘rab, har bir shunday xabar qiziga va oilasiga katta ruhiy zarba bo‘layotganini aytgan.
Bolalar ombudsmani esa mazkur ish jinsiy jinoyatga oid ekanligi hamda voyaga yetmaganning shaxsiy hayoti, sha’ni va qadr-qimmatiga daxldorligi munosabati bilan jinoyat ishi tafsilotlari oshkor etilishi, shu jumladan, OAVda keng yoritilishi bola manfaatlariga zid ekanini eslatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida sakkizinchi sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va jinsiy tajovuz qilingani haqida xabar berilgandi. Ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinib, 8 nafar shaxs qo‘lga olindi. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlanib, joriy yil 30 oktyabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan bo‘shatilgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalari natijalariga ko‘ra, joriy yil 31 oktyabr kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergovga taalluqliligi bo‘yicha ichki ishlar organiga yuborilgan.
Olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan va 8 nafar shaxs, shu jumladan Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan, 1 nafar gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda. Hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
LiveBarchasi