Bolalar ombudsmani instituti tashkil etildi
Jamiyat
−
12 avgust 2021
5188O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, bolalar orasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, nogironligi bo‘lgan bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha keng jamoatchilik bilan o‘tkazilgan muhokama natijalari, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Oliy Majlis palatalarining:
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (keyingi o‘rinlarda – Bolalar ombudsmani) institutini ta’sis etish;
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimini tugatish haqidagi takliflari ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
-
Bolalar ombudsmani o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi, o‘z faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir;
-
Bolalar ombudsmani Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi;
-
Bolalar ombudsmani lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.
3. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) idoralararo komissiyalari tegishlicha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya (keyingi o‘rinlarda — Milliy komissiya), Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari (keyingi o‘rinlarda – hududiy komissiyalar) etib qayta tashkil qilinsin.
Quyidagilar Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
-
bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, uning sog‘lom turmush tarzini ta’minlash;
-
bolalarning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish;
-
bolaning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining oldini olish choralarini ko‘rish;
-
bolalar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, shuningdek, ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish;
-
bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
-
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda ularni huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yo‘li bilan bartaraf etish;
-
bolalar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid ma’lumotni to‘plash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
-
davlat organlari va tashkilotlarning, shuningdek, hududiy komissiyalarning bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish.
Belgilab qo‘yilsinki, Milliy komissiya va hududiy komissiyalar o‘zlarining vakolati doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan o‘z faoliyatini tashkil etishda tegishli davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb qilish huquqiga ega.
4. Quyidagilar:
-
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
-
Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
-
Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalarining namunaviy tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Milliy komissiyaning nizomi va hududiy komissiyalarning namunaviy nizomini tasdiqlasin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra o‘z faoliyati yuzasidan Milliy komissiya har yili Oliy Majlis Senatiga, hududiy komissiyalar esa har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar, tumanlar (shaharlar) Kengashlariga axborot taqdim etadi.
6. 2021 yil 1 sentyabrdan quyidagilar:
-
Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tarkibida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 3 ta shtat birligidan iborat Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlar Mahkamasi sho‘’basi);
-
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida amaldagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiya kotibi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalaridagi bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash sho‘’basidagi bir nafar mutaxassis lavozimlarini maqbullashtirish hisobiga bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati;
-
tuman (shahar) hokimliklarida amaldagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tuman (shahar) idoralararo komissiya kotibi hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlaridagi bolalarning ijtimoiy himoyasi bo‘yicha metodisti lavozimlarini maqbullashtirish hisobiga bolalarni himoya qilish sho‘’balari tashkil etilsin.
Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasi sho‘’basi shtat birliklari prokuratura organlarining 3 ta shtat birligini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi.
7. Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
-
bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ushbu yo‘nalishda davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga doir chora-tadbirlarni belgilash;
-
bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish;
-
bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash;
-
bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish bo‘yicha davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligini ta’minlash;
-
ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini hal etish;
-
vasiylik va homiylik sohasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash;
-
bolalarni oilada tarbiyalash shaklining ustuvorligini ta’minlash;
-
ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxslarni rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish va takomillashtirish;
-
oilaga tarbiyaga olingan (patronat) bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini monitoring qilish;
-
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar bilan ishlash bo‘yicha davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;
-
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joy sotib olish uchun nazarda tutilgan mablag‘larning ajratilishi va ularning o‘z egalariga yetkazilishi ustidan monitoring o‘rnatish;
-
tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini tashkil etish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashish;
-
imkoniyati cheklangan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishga ko‘maklashish;
-
nazoratsiz, qarovsiz hamda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan bolalarni aniqlash va ularni joylashtirish choralarini ko‘rish.
8. Belgilab qo‘yilsinki, Vazirlar Mahkamasi sho‘’basi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari, tuman (shahar) hokimliklari bolalarni himoya qilish sho‘’balari tegishincha Milliy komissiya va hududiy komissiyalarning ishchi organi vazifasini bajaradi.
9. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlarining namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;
tuman (shahar) hokimliklari bolalarni himoya qilish sho‘’balarining namunaviy tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilansinki:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari hamda tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish sho‘’balari faoliyati Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tomonidan muvofiqlashtiriladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish sho‘’balari boshliqlari Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
b) Vazirlar Mahkamasi sho‘’basi va Vazirlar Mahkamasi kotibiyatining hududiy tuzilmalariga ishga, qoida tariqasida, birinchi navbatda “psixologiya”, “yurisprudensiya” va “ijtimoiy ish” sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi.
11. Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ma’naviyatini yuksaltirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida quyidagilarga:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga – hududlarda bolalar o‘rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olish, turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ular toifasiga kiradigan 18 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan shaxslarni o‘z vaqtida turar joylar bilan ta’minlash uchun;
Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayevga – bolalar, ayniqsa, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘rtasida vatanparvarlik yo‘nalishidagi ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni o‘tkazish, bolalar sport turlarini rivojlantirish va ularni jalb etish choralarini ko‘rish uchun;
Bolalar ombudsmaniga – bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, ularning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining oldini olish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari va tarbiya koloniyalari faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish uchun;
ichki ishlar vazirining o‘rinbosari B.Abdullayevga – bolalar o‘rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olish, ularga imkon tug‘diruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish uchun;
sog‘liqni saqlash vaziri A.Xadjibayevga – spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qilayotgan bolalarni tashxislash, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ustuvor ravishda bolalarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun;
xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatovga – ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan, shuningdek, ta’lim muassasalaridagi mashg‘ulotlarga uzrli sabablarsiz qatnashmayotgan bolalarning hisobini yuritish, bunday holatlarni bartaraf etish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb qilish choralarini ko‘rish, mazkur masalalar bo‘yicha muntazam ravishda Bolalar ombudsmaniga axborot kiritish uchun;
maktabgacha ta’lim vaziri A.Shinga – maktabgacha yoshdagi bolalarning har tomonlama kamol topishiga munosib shart-sharoitlar yaratish, ularni maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich to‘liq qamrab olish, oilaga tarbiyaga olingan bolalar va ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar bolalariga belgilangan imtiyozlar asosida ta’lim olishini hamda yangi imtiyozlar yaratilishini ta’minlash uchun;
madaniyat vaziri O.Nazarbekovga – bolalarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va kengaytirish, ularning individual xususiyatlarini rivojlantirish, salohiyatini oshirish va iste’dodini to‘la namoyon etish choralarini ko‘rish uchun;
turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Karimovga – bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, bolalar sport ta’limi sifatini oshirish, barcha mintaqalarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda bolalar sporti ob’ektlari tarmog‘ini kengaytirish orqali bolalar sportini yanada rivojlantirish uchun;
bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanovga – bolalarni, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan hamda kasb egallash istagini bildirgan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
13. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, “Bolalar ombudsmani to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilsin.
14. Bolalar ombudsmani manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritish tavsiya etilsin.
15. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
16. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari B.A.Musayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari D.M.Kenjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2021 yil 9 avgust
LiveBarchasi