Soxta xodimlar fuqaroni 170 ming dollarga tushirdi

3-sahifa

image

Noma’lum shaxslar o‘zini davlat xodimi sifatida tanishtirib, fuqaroni 170 ming dollarga chuv tushirdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ombudsmanga fuqaro M.P. o‘zining ehtiyotsizligi va soddaligi oqibatida katta miqdordagi mablag‘dan mahrum bo‘lgani yuzasidan murojaat qilgan.

Fuqaro M.P. o‘z murojaatida 2024 yilning dekabr oyida o‘zini Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan shaxslar ta’sirida kriptovalyuta orqali 170 ming dollarini o‘tkazib yuborganini bildirgan. Shu maqsadda u avtomashinasi va uyini sotgan, jamg‘armalarini yo‘qotgan, hatto qarzga kirgan.

Fuqaro M.P. 2024 yil dekabrida Kiberxavfsizlik markaziga rasmiy tarzda murojaat qilgan va voqea bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ombudsman shikoyatda ko‘rsatilgan vajlarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilgan.

Murojaat hamkorlikda o‘rganilishi natijasida Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan Kriptodo‘kondan fuqaro M.P. foydasiga 115 ming AQSH dollari (1 mlrd 434 mln 625 ming so‘m) undirib berilgan.

Shu munosabat bilan, Ombudsman fuqarolarni quyidagilarga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirgan:

  • O‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki bank xodimi deb tanishtirgan, ammo shaxsiy raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilayotgan, to‘lov yoki ma’lumot so‘rayotgan shaxslarga ishonmaslik;
  • Telefon orqali pasport yoki ID-karta, plastik karta, PIN-kod, SMS-kod kabi shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmaslik;
  • O‘zingiz tanimagan shaxslar kriptovalyuta orqali to‘lov qilishga undasa, bu holatni darhol to‘xtatish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish;
  • Davlat organlari, idora va tashkilotlar o‘z faoliyatini faqat rasmiy kanallar orqali amalga oshiradi. Shubhali holatlarda tegishli idoraning ishonchli raqamlari orqali tasdiq olish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida fuqarolarni aeroportga ishga kiritmoqchi bo‘lgan qo‘riqlash bo‘linmasi nazoratchisi qo‘lga olingandi. U o‘nga yaqin odamni chuv tushirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

kriptovalyuta Kiberxavfsizlik ombudsman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing