Tramp kriptovalyuta bizneslaridan $1,4 mlrd daromad oldi
Olam
−
12:59 230 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 2025 yilda kriptovalyutaga oid bizneslaridan 1 milliard AQSH dollaridan ortiq daromad oldi. Bu haqda hukumatning etika masalalari bo‘yicha idorasiga taqdim etilgan yillik moliyaviy deklaratsiyada keltirilgan.
Hujjatga ko‘ra, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida u va uning oilasi raqamli aktivlar sohasiga faol sarmoya kiritgan. Prezident yil boshida AQSHni “dunyoning kriptovalyuta poytaxti”ga aylantirish niyatini bildirgan edi. Hisobotda qayd etilishicha, Trampning asosiy kriptovalyuta loyihasi – World Liberty Financial boshqaruv tokenlari va boshqa kriptomahsulotlarni sotish orqali 500 million dollardan ortiq daromad keltirgan.
Shuningdek, CIC Digital LLC kompaniyasi Tramp tasviri tushirilgan mem-koinlar savdosidan 600 million AQSH dollaridan ziyod mablag‘ ishlagan. Ushbu tokenlar Prezidentning inauguratsiyasidan bir necha kun avval muomalaga chiqarilgan.
Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli Prezident va uning oilasi manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaganini qayd etgan.
“Na Prezident, na uning oilasi hech qachon manfaatlar to‘qnashuvida ishtirok etmagan va bunday qilmaydi ham. Prezident Tramp ijro qarorlari, GENIUS Act kabi qonunlarni qo‘llab-quvvatlashi va boshqa oqilona siyosatlar orqali AQSHni dunyoning kriptovalyuta poytaxtiga aylantirdi”, deydi Kelli.
Uning bildirishicha, Prezident va uning ma’muriyatining barcha qarorlari Amerika xalqi manfaatlarini ko‘zlab qabul qilingan. Shu bilan birga, hisobotda Trampning kriptovalyuta tokenlari va mem-koinlari savdosi boshlanganidan beri ularning bozor qiymati sezilarli darajada pasaygani ham qayd etilgan.
Moliyaviy deklaratsiyaga ko‘ra, Tramp kriptovalyutalardan tashqari ham turli manbalardan katta daromad olgan. Jumladan, Tramp brendi ostidagi Injil kitoblari, krossovkalar, soatlar va boshqa suvenir mahsulotlari savdosidan millionlab AQSH dollari ishlagan. Faqat brendli soatlar savdosining o‘zi unga 4,7 million AQSH dollari daromad keltirgan.
Bundan tashqari, xorijdagi ko‘chmas mulk loyihalari ham katta daromad manbai bo‘lgan. Birlashgan Arab Amirliklaridagi loyihadan 10,4 million AQSH dollari, Saudiya Arabistonidagi mehmonxona loyihasidan 9 million AQSH dollari, Ruminiya poytaxti Buxarest hamda Qatardagi loyihalardan esa har biri 5 million AQSH dollaridan daromad kelgan.
Hisobotda yana Trampning ABC, CBS, YouTube, Meta va X kompaniyalari bilan tuzilgan beshta huquqiy kelishuv natijasida jami 86 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ olgani ham qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoda millionerlar shiddat bilan ortayotgani haqida xabar qilingandi.
Live
Barchasi