Bola asrab olish uchun qayerga “bosh urish” kerak?

Jamiyat

image

Avvalroq o‘zbekistonlik taniqli tadbirkor, “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov to‘qqiz nafar bolani farzandlikka olgani haqida xabar bergan edik. U QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bolalarni asrab olish uchun 10 yil navbat kutganini ma’lum qilgandi.

Bugungi kunda Mehribonlik uylariga javobgar bo‘lgan Milliy gvardiya Mehribonlik bolalar muassasalari tarbiyalanuvchilari bilan bog‘liq ayrim masalalar va Milliy gvardiyaning ushbu yo‘nalishdagi “Call-center”telefon raqamlariga kelib tushayotgan takroriy savollar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, Milliy gvardiya Markaziy devonida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari  bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish maqsadida (71) 236-52-08 va 236-52-09 telefon raqamlari orqali maslahat berish xizmati “Call-center” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, shu kunga qadar 2717 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, “Mehribonlik.uz” sayti ishga tushirilib, sohada amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar muntazam ravishda to‘liq yoritib borilmoqda.

Bundan tashqari, mehribonlik uylaridan bolalarni oila  tarbiyasiga olayotgan shaxslarning hujjatlari qonunchilikka muvofiq tuman (shahar) hokimliklari bolalarni himoya qilish sho‘’balari tomonidan rasmiylashtirilmoqda.

“Ular tomonidan ota-onaning oilaviy muhiti, sog‘lomligi holati va ijtimoiy ahvoli har tomonlama o‘rganilib, hujjatlari o‘rnatilgan tartibda tekshirilganidan so‘ng, bolalar oila tarbiyasiga berilmoqda.

Bolalarning kelgusi hayoti tegishli davlat organlari tomonidan nazorat qilib boriladi, ya’ni bolalarning oilada tarbiyalanishi, ularga o‘z vaqtida har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi hududdagi tuman (shahar) hokimliklari bolalarni himoya qilish sho‘’balari tomonidan kuzatib boriladi”, deyiladi Milliy gvardiya xabarida.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining muassasa hisobidan chiqarilishi, tegishli mutasaddi tashkilotlar nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, Mehribonlik bolalar muassasalari faoliyati tugatilgan hududlarda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning hujjatlari tuman (shahar) hokimliklari Bolalarni himoya qilish sho‘’balari tomonidan rasmiylashtirilib, hokim qarorlari asosida bolalarni Oilaviy bolalar uylariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

“Oilaviy bolalar uylarining mehribonlik uylaridan farqi shundaki, bu yerda bolalarni ota-onalar o‘z xonadonlarida milliy qadriyatlarimiz negizi asosida tarbiyalaydi, mazkur oilalarga davlat tomonidan to‘liq moliyaviy ta’minot amalga oshiriladi”, deyiladi Milliy gvardiya xabarida.

Hozirda, Vazirlar Mahkamasining 2007 yildagi 158-son Qarorining yangi loyihasi tayyorlangan bo‘lib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga (project.gov.uz) kiritilgan.

Loyiha zamon talablariga mos ravishda yaratilgan bo‘lib, oilaviy bolalar uylarini tashkil etilishining bosh maqsadi va vazifasi - yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oila muhitida hamda ota-ona mehri-g‘amxo‘rligida tarbiyalash, voyaga yetkazish  ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Mehribonlik uyi

Baholaganlar

142

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing