Xorazmdagi Adliya boshqarmasi boshlig‘iga qanday chora ko‘rilgan? Vazirlik bayonot berdi
3-sahifa
−
01 aprel 2023
23389Xorazmda Adliya va FVV boshqarmasi boshliqlari Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchi qizlari bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelgani, ularga nisbatan sud hukmi e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi. Adliya vazirligi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emasligini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu jinoiy harakat haqida vazirlik xabar topishi bilanoq boshqarma boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan tegishli sud hukmi chiqarilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.
“Qonunchilikka ko‘ra sudlar o‘z faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, o‘z hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Adliya vazirligi tizimida ishlayotgan ko‘p ming sonli xodimlarning har birini ishdan tashqari vaqtda odob-ahloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish imkoniyati cheklanganini ta’kidlagan. Biroq ular vazirlik xodimlari uchun ajratilgan uydan qay maqsadda foydalanayotgani nazorat ostidami yoki yo‘q bunga aniqlik kiritmagan.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ayollar hamda voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan o‘zgartirishlar to‘plami, keng jamoatchilik vakillari bilan bamaslahat, maromiga yetkazilgan holda qabul qilingan.
Ushbu o‘zgartirishlarga asosan, jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda, mazkur shaxslar uchun jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qo‘llash taqiqlanmoqda. Mazkur qonun hozirda Senatda ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi jamiyatda xotin-qizlar, xususan, voyaga yetmagan va imkoniyati cheklanganlarni huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan barcha faollar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan.
Mazkur ish doirasida mahalliy oilaviy bolalar mehribonlik uyi mudirasi Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi), 167-moddasi 2-qismi “g” bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismida (Mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Sud unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tuman boshqarma boshlig‘i Jinoyat kodeksining 128 (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) va 128-1-moddasida (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har ikkisiga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi: bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish taqiqlangan. Shuningdek, probatsiya organlarini ogohlantirmasdan yashash joyini o‘zgartirishlari va yashash tumani chegaralarini tark etishi taqiqlangan.
LiveBarchasi